Strategik sheriklikning yangi bosqichi


975     10.11.2025

Bugungi kunda jahonda geosiyosiy vaziyat tez sur’atlarda o‘zgarib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — yetakchi davlatlar bilan muvozanatli va amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.

4–6-noyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab berdi.

Davlatimiz rahbarining AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi, “S5+1” formatidagi sammitdagi ishtiroki hamda yirik kompaniya va moliyaviy institutlar bilan bo‘lgan muloqotlari mamlakatimiz tashqi siyosatining pragmatik va manfaatlar asosidagi yo‘nalishini yana bir bor namoyon etdi.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar 30 yildan ortiq vaqt mobaynida bosqichma-bosqich rivojlanib kelmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bu hamkorlik yangi mazmun kasb etdi. Tashrif davomida siyosiy muloqotning yuqori darajasi, parlamentlararo aloqalarning faollashuvi va hududlararo sheriklikning kengayishi kuzatildi.

AQSH Kongressidagi O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus faoliyati, O‘zbekiston kunlarining muntazam o‘tkazilishi, senatorlar va kongressmenlar bilan muloqotlar — bu nafaqat siyosiy ishonchni mustahkamladi, balki ikki davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi institutsional mexanizmlarni shakllantirdi.

Tashrifning iqtisodiy qismi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-investitsiyaviy munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. AQSH Eksport-import banki (Eximbank) va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bilan kelishuvlar energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisodiyot va muhim minerallar sohasidagi yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatini ochdi.

“General Motors International” korporatsiyasi bilan hamkorlikning chuqurlashishi, avtomobil sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish rejalari mamlakat sanoat salohiyatini yanada mustahkamlaydi.

Savdo aylanmasi so‘nggi sakkiz yilda 4 barobarga o‘sib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Bugun mamlakatimizda 300 dan ortiq amerikalik kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligi va investorlar uchun qulay muhit yaratilganini tasdiqlaydi.

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “S5+1” sammiti Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochdi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy-diplomatik nuqtayi nazardan ham muhim ahamiyatga ega.

Binobarin, ular orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari AQSH bilan teng huquqli muloqot olib borish, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda yagona pozitsiyani shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning “S5+1” doirasida transport va energetika loyihalarini ilgari surish tashabbuslari mamlakatning tranzit va logistika markazi sifatidagi geostrategik ahamiyatini yanada oshiradi.

Sirasini aytganda, Vashington tashrifi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari — pragmatizm, muvozanat va ochiqlikni yaqqol namoyon qildi. Mamlakatimiz tashqi aloqalarni faqat siyosiy emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish vositasi sifatida ham ko‘rmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining AQSHga amaliy tashrifi O‘zbekistonning zamonaviy tashqi siyosat tarixida muhim voqea bo‘lgan bo‘lsa, uning doirasida imzolangan kelishuvlar, “S5+1” sammitda ilgari surilgan tashabbuslar va biznes muloqotlar mamlakatning strategik manfaatlariga to‘liq mos keladi.

 

Jumanazar OTAJONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati