535 11.11.2025
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi davr boshlandi, desak, mubolag‘a emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ochiq diplomatiya va o‘zaro manfaatli sheriklik tamoyillarini amalda qaror toptirish borasida izchil siyosat olib bormoqda. Yurtimiz bugun xalqaro maydonda ishonchli, barqaror va tashabbuskor hamkor sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining Vashington shahrida AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etishi mamlakatimiz diplomatiyasi tarixida muhim voqea bo‘ldi. Ushbu uchrashuv O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatda faollashayayotgani, global miqyosda iqtisodiy va geosiyosiy jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatishga intilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Sammitda ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, “C5+1” doirasida doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni tashkil etish, Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, yangi bozorlar va texnologiyalarni jalb etish uchun mustahkam poydevor yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan transport-kommunikatsiya yo‘laklarini rivojlantirish, muhim minerallarni qayta ishlash va qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish haqidagi takliflari global iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuv yo‘lidagi qat’iy harakatlarni aks ettiradi.
Diplomatiyamizning muhim jihati shundaki, u faqat siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlar bilan cheklanayotgani yo‘q. Madaniy-gumanitar yo‘nalishda ilgari surilgan tashabbuslar, jumladan, AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil etish taklifi xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, hurmat va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lkamiz bugun jahon hamjamiyati bilan ochiq muloqot, o‘zaro manfaatli hamkorlik va teng sheriklik tamoyillari asosida yangi diplomatik muhitni shakllantirmoqda. “C5+1” formatdagi sammitda ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimizning mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot va xalqaro ishonchni mustahkamlash yo‘lidagi izchil siyosatini yana bir bor dalillaydi.
Bu sa’y-harakatlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshirishi, iqtisodiy o‘sish, siyosiy barqarorlik va xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Dilnoza AZIZOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.