805 12.11.2025
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarda ham sog‘liqni saqlash tizimiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Chunki davlat va jamiyat taraqqiyoti bevosita sog‘liqni saqlash tizim bilan bog‘liq. Xalqimiz, kelajak avlod sog‘lom va ma’nan yetuk bo‘lmas ekan, inson qadri haqida gapirish befoyda.
Shu bois, сўнгgi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Shu yilning o‘zida 2016 yildagidan 6 karra ko‘p, ya’ni 45 trillion so‘m ajratildi. Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi. Mingdan ortig‘i rekonstruksiya qilinib, jihozlandi. Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, tuman darajasiga tushirildi. Jumladan, birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir.
Eng muhimi, sohadagi bu o‘zgarishlarni bugun millionlab odamlarimiz o‘z hayotida his etmoqda. Mana oddiy va muhim natijalar: onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 26 foizga kamaydi. Xalqimizning ўрtaча umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlar orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaydi.
Sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tibbiyot oliygohlari tashkil qilindi. Sohaga, ta’lim jarayonlariga ilg‘or texnologiyalar joriy etilib, o‘nga yaqini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Tez tibbiy yordamda elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yilishi natijasida chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqartirildi. Yaqin kelajakda “Online-shifokor” xizmati joriy etilib, aholiga masofadan tibbiy maslahat berish imkoni yaratiladi. Shu bilan birga “Elektron retsept” tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi.
Sohada xususiy sektor ulushi ham ortib boryapti. O‘tgan sakkiz yilda xususiy klinikalar soni 3,5 mingtadan 9 mingtaga, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan 130 taga yetdi. Eng asosiysi, davlat va xususiy sektor o‘rtasida raqobat muhiti paydo bo‘ldi va bu tizim rivojiga, xalqimiz manfaatiga xizmat qilmoqda.
Ammo sohada yutuqlar bilan birga qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan masalalar ham ko‘p. Xususan, ayrim ixtisoslashgan markazlar katta mablag‘lar evaziga olib kelingan zamonaviy uskunalardan deyarli foydalanmayapti. Ya’ni, mavjud quvvatdan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilyapti, xolos. Raqamlashtirish, xorijiy hamkorlik, umuman, zamonaviy bilim va tajribaga ega jamoani shakllantirish ishlari yaxshi emas. Qaysi kasallik ko‘paygani yoki kamaygani tahlili, ularning oldini olish va samarali davolash ishlari doimo mutaxassislar e’tibor markazda bo‘lmog‘i lozim.
Prezidentimiz uchrashuvda mavjud kamchiliklarni isboti bilan keltirib, sohadagi barcha mas’ullarga murojaat qildi va ular o‘ziga bemor shifoxona va poliklinikaga kelganda qancha vaqt sarflayapti, olgan xizmatidan qanchalik rozi, degan savollarni berishi zarurligini qayd etdi. Shu bois, har bir viloyat, tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborli bo‘lib, dardiga shifo izlab kelgan har bir odamning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shart.
Haqiqatan ham бугун odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan o‘zgardi. Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlar olib kirish bo‘yicha oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Uchrashuvda ana shu talab va ehtiyojdan kelib chiqib, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari oldiga bir qator vazifalar belgilandi. Kuni kecha imzolangan “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaror bilan sohada vijdonan ishlayotgan xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va imtiyozlarlar berilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish tizimini takomillashtirish orqali oliy ma’lumotli hamshiralarni ko‘paytirish va oilaviy shifokorlik institutini rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Uchrashuv yakunida Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikrdan ushbu sohaning bir vakili sifatida, umuman, barcha hamkasblarning boshi ko‘kka ko‘tarildi desam to‘g‘ri bo‘ladi: “Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman. Bundan buyon ham shifokorning, har bir tibbiyot xodimining obro‘sini himoya qilish, unga har tomonlama munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ishonchim komil, biz birgalikda Yangi O‘zbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantiramiz”.
Otabek JIYANBAEV,
O‘zbekiston tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi va
yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi