Markaziy Osiyo va AQSH hamkorligi yangi bosqichga kirmoqda


521     12.11.2025

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Prezidentimizning ochiqlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosiy strategiyasi natijasida mamlakatimizning dunyo davlatlari bilan barcha sohalardagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik, muloqot va hamjihatlikni taʼminlashda faol tashabbuskor davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari hamda AQSH Prezidenti ishtirokida Vashingtonda o‘tgan “C5+1” sammiti haqiqatan ham tarixiy voqeadir. Uchrashuv mintaqa davlatlari va AQSH o‘rtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Sammitda Davlatimiz rahbari tomonidan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, avvalo ishtirokchi mamlakatlarda navbat bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni taʼsis etish taklif qilindi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish dolzarb ekani taʼkidlandi. Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bog‘laydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorlik bildirildi. Mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mitaqaviy agrotexeologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbus qilindi. Madaniy sohani yanada mustahkamlash va bu borada hamkorlikni rivojlantirish borasida gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida Prezidentimiz AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish taklifinik ham bildirildi.

Darhaqiqat, yaqin yillarda davlatimiz tomonidan madaniyat va sanʼat sohasiga bo‘lgan eʼtibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. “O‘zbekiston – 2030" strategiyasida nazarda tutilgan turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda, ayniqsa dunyoning yetakchi muzeylarida ochiladigan har bir ko‘rgazma katta poydevor vazifasini o‘taydi.

Albatta, sammitda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muzeylar ko‘rgazmasi bilan bog‘liq tashabbus mamlakatimizda turizm salohiyatini o‘sishiga va oldimizda turgan aniq maqsadlarimizning amaliy natijasiga xizmat qiladi.

Vasila FAYZIYEVA,
"Milliy tiklanish" fraksiyasi aʼzosi