517 12.11.2025
O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB O‘ZBEKISTON–2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi. Ushbu tadbir bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida ham tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova va fraksiya aʼzosi Dilnoza Azizovalar ham ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan partiya vakillari sohada qonunchilik ijrosini taʼminlashda deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirish, nazorat-tahlil faoliyatini samarali tashkil etish, kutubxonalar infratuzilmasini yangilash, yangi adabiyotlar bilan taʼminlashda mahalliy hokimiyat organlari faolligini oshirish masalalari haqida gapirdi.
Jumladan, F.Muhammedjanova ko‘zi ojizlar uchun maxsus kutubxonalarning holatiga to‘xtalib, ayniqsa, Jizzax viloyatida bunday turdagi kutubxonalarning o‘z binolariga ega emasligini maʼlum qildi. Ushbu masala bo‘yicha mahalliy Kengash deputatlari tomonidan 100 ga yaqin deputat so‘rovlari chiqarilgani, Guliston, Oqoltin va Yangibozor tuman Kengashlarida tegishli sessiya qarorlari qabul qilinganini taʼkidladi.
Shuningdek, partiyaning kitobxonlik kabi milliy qadriyatni tiklash borasida qator amaliy loyihalariga to‘xtaldi. Yaʼni, partiya tomonidan 100 ga yaqin ekspertlar ishtirokida 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati shakllantirilgani hamda “Bolangiz bilan kitob o‘qing” loyihasi doirasida maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalar uchun mo‘ljallangan eng sara adabiyotlardan iborat “Milliy tiklanish” kitob javonlari yetkazilganini maʼlum qildi.
Hozirda partiya tomonidan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi” loyihasiga takliflar tayyorlanmoqda.
Haftalik doirasida kitob ko‘rgazmalari va taqdimoti, maʼnaviy-madaniy tadbirlar, mahorat darslari, taniqli fan va madaniyat namoyondalari, sanʼatkor va ijodkorlar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkaziladi. Yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston kutubxonachilari – yangi kuch, yangi imkoniyatlar, yangi marralar” shiori ostida forum ham o‘tkaziladi.
Hamdam NIYOZOV,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i