1058 13.11.2025
Tahlilchilarning fikricha, uzoq vaqt dunyo siyosiy xaritasida istiqbolsiz davlatlar ro'yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyo keyingi yillarda shiddat bilan yana siyosiy sahnaga qaytdi.
Chindan ham, 80 milliondan ziyod aholisi bo‘lgan hududda hukm surgan ishonchsizlik muhiti tili, dini, urf-odati va an’analarigacha bir bo‘lgan millatlarni bir-birlaridan uzoqlashtirib, sun’iy raqobatchilarga aylantirgan bo‘lsa-da, keyingi yillardagi o‘zgarishlar yaqin tarixda yo‘l qo‘yilgan xatolar oqibatini bartaraf etish imkonini berdi.
Bunga Yangi O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra bilishi sabab qilib ko‘rsatilayotgani bejiz emas. Millatimiz Prezidentining Yangi O‘zbekiston amalda o‘zini oqlamagan yo‘ldan bormasligi haqidagi qat’iy qarori ichki va tashqi siyosat asosini belgilab berdiki, aynan ana shu yo‘l bilan O‘zbekiston dunyoga ochildi, jahon hamjamiyati oldida o‘zining yangi qiyofasini namoyon etdi. O‘zbekistonning tashqi siyosatida esa Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalishga aylandi.
Chuqur o‘ylab, amalga oshirilgan tashabbuslar yangi siyosiy muhitning shakllanishiga asos bo‘lishdan tashqari, o‘zaro ishonchni ham tikladi. O‘shanda O‘zbekiston rahbari “Ishonchim komilki, o‘zaro hamkorligimiz hali dunyoning boshqa mintaqalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga imkon beradi”, degan edi.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davrda Markaziy Osiyo dunyoning siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotini usiz tasavvur qilib bo‘lmasligini amalda isbotladi.
Bugun mintaqa jahon maydonida strategik ahamiyatga ega hududga aylanib, geosiyosiy makon sifatida e’tibor qozona boshladi. Markaziy Osiyo nafaqat boy tabiiy resurslari va tranzit salohiyati, balki xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik hamda barqarorlik nuqtayi nazaridan ham o‘ta muhim makonga aylandi.
Alohida ta’kidlash joizki, bugungi keskin o‘zgarishlar davrida biz uchun iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalar va yangi texnologiyalar suv hamda havodek kerak, sheriklarga esa muhim resurslar va geosiyosiy mintaqaga keng yo‘l ochib beruvchi hamkor zarur. AQSHda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi sammit ham buni tasdiqladi, deyish mumkin.
Boshqacha aytganda, davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining sammitidagi ishtiroki shu ma’noda ham nihoyatda samarali va tarixiy voqea bo‘lgani bejiz qayta- qayta takrorlanmayapti.
Ushbu tadbir bahonasida o‘zbek milliy diplomatiyasi tutgan yo‘l sabab biz uchun ko‘pchilik kutmagan darvozalar ham ochildi, O‘zbekiston og‘izda emas, o‘z hamkoriga amalda yelka tutishi, o‘z so‘zida sobit tura olishini ko‘rsatdi.
Taraqqiyot olib kelishi kutilayotgan bunday e’tibor, albatta, yirik davlatlarning o‘zaro raqobati bilan ham bog‘liq. Lekin bu, birinchi navbatda, uzoq vaqtdan beri to‘g‘ri baholanmagan imkoniyatlar va mintaqaning nizolardan xoli hamkorlik hududiga aylangani bilan bog‘liq edi.
Markaziy Osiyoda O‘zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi o‘z xalqi bilan birga jondosh va qondosh millat hamda elatlar manfaatini birdek qadrlagani bilan boshlangan ahil qo‘shnichilik aloqalari hudud davlatlari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.