1105 13.11.2025
So‘nggi yillarda dunyo siyosiy-iqtisodiy maydonida bo‘linishlar va manfaatlar uchun talashishlar kuchayib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘layotgan bir paytda Markaziy Osiyo qanchalar murakkab vaziyatdagi mintaqa bo‘lishiga qaramasdan o‘zaro birlasha oldi.
Global inqirozlar ko‘p zarar keltiradi, lekin uning kam foydasiga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi, bu foyda imkoniyatlardan oqilona foydalana oladigan, rivojlanayotgan davlatlarniki bo‘lishi mumkin. Bozorlardagi silkinish, siljishlar, investitsiyalardagi muqobilliklar, avvaldan aytib bo‘lmas oqibatlar olib kelishi mumkin bo‘lgan yirik kuchlarning keskin raqobatidan foyda chiqarish uchun esa xalqning davlatchilik qobiliyati uning qonida bo‘lishi kerak. Markaziy Osiyo shu maʼnoda ko‘pchilikka yaxshi namuna bo‘la oladi.
Yaqin o‘tmishda bir burda nonni bo‘lishib yegan, taqdiri yagona bo‘lgan Markaziy Osiyoning bundan 10 yil avvalgi holatini tasavvur qilib ko‘rishning o‘zi kifoya. O‘sha paytlarda qo‘shnilar bir-biriga harbiy kuch bilan tahdid qilgan, o‘zaro savdo uchun halaqit berish yo‘llarini izlagan, hatto chegara hududlarida qondosh-qarindosh bo‘lgan xalqlar bir-biriga ketmon ko‘tarib chiqqan edi...
Xo‘sh, o‘tgan qisqa vaqt ichida nimalar sodir bo‘ldiyu, mintaqa qudratli kuch markazlari uchun jozibali makonga aylanib qoldi?
Prezident Mirziyoyev aholi bilan uchrashuvlarda bir gapni takror-takror aytgan: O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan chet ellik, bu davlat qo‘shnilari bilan kelisholmas ekan, bizni qanday qabul qiladi, deb savol bermaydimi?
Chigal tugunlar bilan o‘rab tashlangan chegara masalalari, suv, energetika, transport, mehnat resurslari harakati, erkin savdo va boshqa masalalarda Prezident Mirziyoyev mintaqa davlat rahbarlari bilan siyosiy iroda ko‘rsatishib, oltin o‘rtani izlashdi va topishdi. Bu esa hammaga birdek foydali bo‘lgan – mintaqaning jozibasini tikladi. Bunday intilishlar ayni paytda ushbu mintaqada – loyqa suvda baliq tutmoqchi bo‘lganlarning ovini kasodga uchratdi. Sovet davridan qolgan va lozim bo‘lganida ishlatilishi rejalashtirilgan fitna bombalari ham birma-bir bartaraf qilindi. Bo‘lib tashla va boshqaraver qabilidagi imperialistik konsepsiyaning mintaqada muvaffaqiyatsizlikka uchrashi uchun 100 yildan ham kamroq vaqt yetarli bo‘ldi. Markaziy Osiyo xalqlari uchun umumiy hisoblanadigan buyuk hoqon Istami teginning o‘giti ming yillar o‘tib yana o‘z isbotini topdi: bo‘lingan bebaraka bo‘ladi, birlashgan boshqaradi.
Ana shunday bir paytda rivojlangan dunyo tomonidan Markaziy Osiyo kelajakka umid bilan qarayotgan yosh aholi, hali yetarli baholanmagan yer osti va yer usti resurslari, global transport- tranzit imkoniyatlari, o‘sib borayotgan istemol bozori va zamonaviy taraqqiyotga chanqoq iqtisodiyotlardan iborat imkoniyatlar mintaqasi ekani bilan tan olindi: Markaziy Osiyo plyus AQSH, Rossiya, Xitoy, Yevropa, Yaponiya va Janubiy Koreya formatlari fikrimizning isbotidir.
Endi bu imkoniyatlar hosilasi – mintaqadagi ahillik va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhiti boy berilmasligi uchun manfaatlar muvozanatini to‘g‘ri taʼminlash maqsadida Prezident Mirziyoyev takidlaganidek, umumiy mintaqaviy qarorlar qabul qiladigan institutlar shakllantirilishi zarur.
Endi mintaqa uchun siyosiy-iqtisodiy muvaffaqiyat ham, zarar ham umumiy bo‘ladi, raqobat faqat sportda bo‘lishi mumkin. U yerda ham shunday raqobat qilaylikki, toki finallar bizsiz o‘tmasin.
Alisher QODIROV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.