Qadriyatlarga asoslangan hamkorlik


822     13.11.2025

Bugun Markaziy Osiyo o‘z tarixining yangi, masʼuliyatli va umidbaxsh bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Biz mintaqamizda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik ruhiga asoslangan yangi davrni boshdan kechiryapmiz. Bu jarayon tasodifiy emas – u mintaqa yetakchilarining oqilona siyosati, xalqaro hamkorlikdagi dadil qadamlari va eng muhimi, xalqlarimizning birligi natijasidir.

So‘nggi yillarda mintaqaviy birdamlik, o‘zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillari asosida Maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yildi. Shu orqali biz tashqi vositachilarsiz, o‘zimizning manfaat va qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘zaro muammolarni hal etishga kirishdik. Chegaralar bo‘yicha o‘nlab yillar davomida kutilgan muammolarga nuqta qo‘yildi. Suv-energetika sohasida yangi hamkorlik mexanizmlari paydo bo‘ldi. Iqtisodiy aloqalar esa misli ko‘rilmagan surʼatda kengaymoqda.

Faqat birgina misol: so‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobarga o‘sdi. O‘zaro savdo hajmi esa ikki baravar ortib, 11 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan tovar ayirboshlashi esa 2016-yildagi 2,4 milliarddan bugun 7,2 milliard dollarga yetdi. Bu raqamlar ortida – ishonch, mehnat va umumiy taraqqiyot sari intilish turibdi.

Bugun “Markaziy Osiyo – 2040” konsepsiyasi asosida bizning mintaqa barqaror, o‘zaro bog‘liq va farovon hudud sifatida shakllanmoqda. Yangi transport yo‘laklari, qo‘shma energetika loyihalari, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish tashabbuslari, yoshlar va ayollar platformalari – bularning barchasi Yangi Markaziy Osiyoning yangi qiyofasini belgilab bermoqda.

Bugun biz – Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda shunday tarixiy yo‘lni tanladikki, bu yo‘l devor emas, balki ko‘priklar barpo etish yo‘lidir. Biz birlashganimiz sayin, mintaqamiz kuchliroq, ovozimiz esa jahon sahnasida yanada balandroq yangramoqda.

Yangi Markaziy Osiyo bu – tinchlik, barqarorlik va yaratuvchanlik makonidir. Bu – umumiy orzu, umumiy mehnat va kelajakdir. Demak, kelajagimiz bir, taqdirimiz mushtarak ekan, farovon Markaziy Osiyoni birgalikda barpo etamiz!

 

Bahodir MAMATXONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati