Yetakchilik fenomeni


557     13.11.2025

Global o‘zgarishlar davrida har qanday millat va elatning muvaffaqiyati yoki, aksincha, muvaffaqiyatsizligi o‘sha millat yetakchisiga bog‘liq ekan.

Yangi tarix hatto kuchli yetakchining o‘z yurtidan tashqari, qo‘shni davlatlarning ijtimoiy, iqtisodiy va hatto siyosiy hayotiga ham ijobiy taʼsir etishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Bundan 5-6 yil oldin qirg‘iz, qozoq, turkman yoki tojik birodarlarimiz O‘zbekistonga, o‘zbek esa Qozog‘iston, Tojikiston yoki Qirg‘izistonga borishga hayiqar, chegaralardagi notinchliklardan tashqari, yo‘l patrul xodimlarining qo‘shni davlat mashinalariga yov qarashlari “azaliy do‘stmiz, qardoshlarmiz” degan gaplarning faqat qog‘ozlarda ekanini ko‘rsatib turardi.

Bu holatni, ayniqsa, vodiyliklar ko‘proq his qilganlar. 2010-yillarda bunday voqealar ko‘payib, battar avj oldi, hatto vodiyliklar o‘z uyidan bir qadam narida joylashgan Shohimardonga borishga qo‘rqib qolishgandi. Birovga aytsang, ishonmasligi mumkin, ammo bu – yaqin tariximizdagi real holat edi.

Shu maʼnoda ham Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga kelishi bilan birinchi navbatda Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro aloqalarini qog‘ozda emas, amalda yaxshilash yo‘lidagi siyosati 80 millionli hudud aholisining dilidagi tugunlarni yechishga xizmat qildi. Afsuski, endi quda-andasi, yoki ota-onasi vafot etganida, 3 metrli chegaradan o‘tolmay armonda ketganlar ham sanoqsiz bo‘lganini eslash foydasiz.

Mustaqillikning dastlabki yilida endi ish boshlagan “Xalq so‘zi” gazetasi “Tuynuklarmas, darvozalar ochilgay” degan katta sarlavha bilan tili, dini, urf-odat va anʼanalari bir bo‘lgan qardoshlarimiz o‘rtasida azaliy aloqalar tiklanayotgani haqida tahliliy maqola eʼlon qilgan edi.

Ammo ko‘p o‘tmay, fitnayu gumonlar, kuchli markazlarda tayyorlangan ssenariylar asosidagi katta o‘yinlar sabab jondek aziz qardoshlarimiz bilan yana tuynuklar orqali gaplashishga o‘tgandik.

Shu maʼnoda ham bugun xalqaro siyosatshunos va tahlilchilar O‘zbekiston yetakchisining siyosiy irodasini, har qancha qiyin bo‘lmasin, yurt va millat manfaati yo‘lida har qanday shaxs bilan muloqot qilish xamda muammoga yechim topish salohiyatini fenomen hodisa sifatida eʼtirof etishmoqda.

Bu esa butun dunyoda murakkab o‘tish davri sanalayotgan ayni kunlarda O‘zbekistonning omadli mamlakat ekanini ko‘rsatadi.

Prezidentimizning Markaziy Osiyo va mintaqa xalqlarining kechagi kuni va istiqbollarga bag‘ishlangan katta maqolasini o‘qib, ana shu fikrlar xayolimdan o‘tdi.

 

Mirodil Abdurahmonov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari