Markaziy Osiyo yangi davrga qadam qo‘ymoqda


642     13.11.2025

Bugun Markaziy Osiyo o‘z tarixida yangi, muhim bosqichga kirib bormoqda. Uzoq yillar davomida orzu bo‘lib kelgan hamjihatlik, ishonch va bir-birimizga hurmat muhiti shakllanmoqda. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgan emas. Barcha davlatlar yetakchilari tinimsiz ishladi va mintaqaning umumiy taraqqiyoti uchun birlashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida ham bu haqda gapirib, Markaziy Osiyo uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda taraqqiyot yo‘lini belgilab, ishonch, hurmat va hamjihatlik asosida yangi mintaqaviy modelni shakllantirgani, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmagani, balki mintaqa yetakchilarining strategik qarorlari va birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasi ekanini taʼkidladi.

Endi mintaqaviy qarorlar faqat hujjat bo‘lib qolmaydi, balki odamlarning kundalik hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan amaliy natijaga aylanadi. Chegaralar masalalari hal qilindi, suv-energetika loyihalari birgalikda amalga oshirilmoqda. Chegara tartiblari soddalashtirildi, transport va aviaqatnovlar rivojlantirilmoqda.

So‘nggi sakkiz yilda Markaziy Osiyo davlatlarining yalpi ichki mahsuloti qariyb ikki yarim barobar oshdi. O‘zaro savdo hajmi ikki karra ko‘paydi, qo‘shma investitsiyalar 5,6 barobarga yetdi. Sanoat va kichik biznes ham rivojlanmoqda, chegaraoldi savdo zonalari va xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol ishga tushmoqda.

Markaziy Osiyo yoshlar platformasi, ayollar muloqoti va rektorlar forumlari tashkil etildi. Madaniyat, sport va turizm aloqalari kengaymoqda. Aholi o‘zaro harakatlanish va sayohat qilish imkoniyatlaridan keng foydalanyapti, ichki turizm 80 foizga yetdi.

Mintaqada tinchlik, xavfsizlik va ekologik barqarorlikni mustahkamlash har bir davlatning vazifasi. “Xavfsizlikning bo‘linmasligi” prinsipi asosidagi muloqot esa davom etadi. Jumladan, qo‘shni Afg‘oniston bilan hamkorlik va yordam ham Markaziy Osiyo barqarorligi uchun juda muhim. Transafg‘on temir yo‘li va iqtisodiy loyihalar mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bugun biz kuchli, barqaror va farovon mintaqa qurmoqdamiz. Maqsadimiz birgalikdagi saʼy-harakatlar va o‘zaro ishonch asosida Yangi Markaziy Osiyoni yaratish, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, taraqqiyotga erishishdir. Bu esa xalqlarimiz hayotini yaxshilash, mintaqamizni barqaror rivojlantirish, kelajak avlod uchun mustahkam poydevor yaratish uchun eng muhim imkoniyatdir.

 

Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati