903 14.11.2025
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasi murakkab global jarayonlar davrida mintaqamiz taraqqiyotining yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Maqola nafaqat O‘zbekiston, mintaqamizning buguni va ertasini tasavvur etishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda mintaqamizda shakllangan ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga to‘xtalib, bu jarayonning tasodifiy emasligini, balki yetakchilarimizning qatʼiy siyosiy irodasi, ochiqlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga sodiqligi natijasi ekanini asoslaydi. Darhaqiqat, 2017-yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan Maslahat uchrashuvlari formati Markaziy Osiyoda yangi siyosiy madaniyat, yangi muloqot anʼanalariga asos bo‘ldi.
Bugun Markaziy Osiyo xalqlari o‘zaro ishonchga tayanib, strategik sheriklik va umumiy manfaat asosida birlashmoqda. Bu esa mintaqani jahondagi beqarorliklar, iqtisodiy tanglik va iqlim o‘zgarishlari sharoitida barqaror rivojlanish modeliga ega bo‘lgan hududga aylantirdi.
Maqolada taʼkidlanganidek, mintaqamizda bir paytlar ajratib turgan chegaralar bugun do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. Qardosh davlatlar o‘rtasida suv-energetika, transport, savdo, taʼlim va madaniyat sohalarida yuzlab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar odamlarning hayotida, ularning kundalik turmushida sezilmoqda.
Parlamentimiz ham bu yo‘nalishdagi siyosiy, huquqiy va institutsional jarayonlarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Qonunchilik tashabbuslari orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, yoshlar va ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida izchil ish olib borilmoqda.
Markaziy Osiyo – bu umumiy tarix, madaniyat va qadriyatlarga ega hudud. Bugun bizning vazifamiz – ushbu mushtarak meros asosida barqaror, farovon va o‘zaro bog‘liq mintaqani yaratishdir. Prezidentimizning “Devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz” degan so‘zlari bugungi Markaziy Osiyoning siyosiy falsafasini ifoda etadi.
Ishonchimiz komilki, Toshkentda o‘tadigan navbatdagi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surish, eng muhimi, mintaqa xalqlari farovonligini taʼminlash sari navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.
Dilnoza Azizova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati