Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat


571     14.11.2025

Madaniyati, dini, urf-odat va qadriyatlari bir bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bugun nafaqat azaliy aloqalarini qayta tikladi, balki xalqaro hamjamiyatga o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat asosiga qurilgan yagona subyekt sifatida o‘zini namoyon qilmoqda. Sodda qilib aytganda, bugun qardosh davlatlar ichki va tashqi siyosatda tom maʼnoda yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichga qadam qo‘ymoqda.

Bugun geosiyosiy vaziyat izdan chiqib xatarlar kuchaygan, bir mintaqada, hatto yon qo‘shnilar o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lib, iqtisodiy aloqalar zanjiri uziligan bir sharoitda Markaziy Osiyo davlatlarining har jihatdan birlashuvi, shubhasiz, notinch dunyoga namuna bo‘lmoqda.

Xalqimizning “Yon qo‘shning – jon qo‘shning” degan purmaʼno hikmati haqiqiy maʼnoda o‘z ifodasini topyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida eʼlon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida taʼkidlaganidek, qo‘shnichilik – xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati – barchaning yutug‘idir.

Shunday davrlar bo‘ldiki, azaldan quda-anda bo‘lib, to‘y-tomosha, bayramlarini birga o‘tkazib, yaxshi-yomon kunlarida yelkadosh bo‘lgan qardoshlik aloqalari hatto bir-birinikiga azaga ham o‘tolmaydigan darajada keskinlashdi. Baxtimizga bugun bu voqealar ertakka aylandi. Mintaqa davlatlari o‘rtasida bir paytlar qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan chegara bilan bog‘liq muammolar, g‘araz niyatli kuchlar uchun ming yillik qo‘shnilarni doimo “silkitib” turishga bahona bo‘lgan suv-energetika bilan bog‘liq ziddiyatlarga butunlay barham berildi.

Bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar bugun do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi. Qo‘shni xalqlar yana bordi-keldilarini tiklab, yaxshi kunlarini birga nishonlayapti. Quda-andaligini davom etiryapti. Muammolarini hajihatlikda, bamaslahat hal qilib, bir ariqdan suv ichyapti. Yangi o‘tkazish punktlari ochildi, avia va temir yo‘l, avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, qardosh xalqlar mintaqada bo‘layotgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni o‘zlarining kundalik hayotida his etyapti. Birgina natija: mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘z jadal taraqqi­yotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan bir paytda iqlim o‘zgarishi, energetika, suv va oziq-ovqat xavf­sizligini taʼminlash, raqamli texno­logiyalarni rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar paydo bo‘ldiki, ularni ham birgalikda hal qilish bugun ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Toshkentda o‘tadigan mintaqa davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi aynan yuqoridagi masalalarga yechim vazifasini o‘tashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Zero, Prezidentimizning sammit oldidan eʼlon qilingan dasturiy maqolasida qayd etilganidek, bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovon­lik va taraqqiyot makoniga aylantiradi­gan ushbu tarixiy surʼatni saqlab qoli­shimiz har qachongidan ham muhimdir.

 

Abdulhakim ESHBOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.