982 14.11.2025
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasida suv resurslari bilan bog‘liq masalaga ham alohida eʼtibor berilgani bejiz emas. Aynan ushbu masala ham mintaqa davlatlari o‘rtasida turli ixtiloflarga sabab bo‘layotgan edi.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan umumiy suv resurslariga ega. Birgina O‘zbekistonning o‘zi 80 foiz suvni tashqaridan oladi. Qozog‘iston va Turkmaniston ham qo‘shni davlatlardan oqib keladigan Amudaryo va Sirdaryo suvi bilan bog‘langan. Demak, yuqorida joylashgan davlatlarda suv bilan bog‘liq har qanday o‘zgarish quyidagi mamlakatlarga taʼsir etmasdan qolmaydi. Shu bois, azaldan qo‘shni bo‘lgan davlatlar o‘rtasida ushbu masalani hal etmay turib, mintaqada barqaror tinchlik va taraqqiyotni kafolatlab bo‘lmaydi.
Bu masalaning strategik ahamiyatini O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, mamlakatimizda suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Yetarlicha suv bo‘lmas ekan, energiya, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, tabiat sofligini saqlash haqida gapirish befoyda.
Mamlakatimiz aholisi yaqin yillarda 40 million nafarga yetishi bu tabiiy ravishda suvga bo‘lgan ehtiyojni ham bir necha barobarga oshiradi. Masalan, aholimizning ichimlik suviga bo‘lgan talabi 2030-yilga borib, 2,3 milliard kub metrdan 3 milliard kub metrga yetishi kutilyapti. Qolaversa, sanoat va energetika sohalari rivojlanib, yillik suv isteʼmoli 1,9 milliard kub metrdan 3,5 milliard kub metrga yetadi.
Iqlim o‘zgarib, suvning asosiy manbasi hisoblangan muzliklarning katta tezlikda erishi natijasida asosiy daryolarda yildan-yilga suv kamayib borayotgani ham ushbu masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatadi. Yaʼni, mintaqa davlatlari o‘rtasida suv resurslari bo‘yicha ochiq va manfaatli kelishuvlar tuzilmas ekan, ming yillar davomida qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashagan xalqlar o‘rtasida haqiqatan ham ziddiyatlar paydo bo‘lishi tayin edi.
Albatta, bularning barchasi qo‘shni davlatlaridan yanada hamjihat bo‘lib harakat qilishni taqozo etayotgan edi. Shu jihatdan, bugungi kunlardagi hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zaruratdir.
Davlatimiz rahbari maqolasida qayd etilganidek, aynan maslahat uchrashuvlari formati yo‘lga qo‘yilgan 2017-yil mintaqaviy hamkorlik tarixida tub burilish yasadi. Markaziy Osiyo yetakchilari ko‘p yillar mobaynida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni boshladi va bu ishonchga, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangicha siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muloqotlar orqali o‘zaro ixtiloflarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator kelishmovchiliklarni bartaraf etish va ishonchsizlikdan haqiqiy hamkorlikka o‘tishga erishildi. Bu nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun dunyoning yutug‘i sifatida baholasak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, davlatlarning, mintaqa va qitʼalarning tinchligi hamda taraqqiyoti dunyoning tinchligi va taraqqiyotidir.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati