655 14.11.2025
Bugun Markaziy Osiyo o‘z tarixining yangi, masʼuliyatli bosqichiga kirib bormoqda. So‘nggi yillarda mintaqada shakllanayotgan o‘zaro ishonch, do‘stlik va sheriklik muhiti barqarorlik, taraqqiyot va xalq farovonligining mustahkam poydevoriga aylandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mintaqada ochiq, amaliy va konstruktiv muloqot siyosati yo‘lga qo‘yildi. Natijada Markaziy Osiyo bugun yagona tarix, umumiy qadriyat va o‘zaro manfaatlar asosida birlashayotgan mintaqa sifatida dunyo eʼtiboriga tushmoqda.
“Markaziy Osiyo – umumiy uyimiz” g‘oyasi hozirda siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikning poydevoriga aylandi. Mintaqadagi davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, yuqori darajadagi muloqotlar, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan qarorlari natijasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasi bugun amalda o‘z ifodasini topmoqda. Bu g‘oya mintaqa davlatlarini umumiy taraqqiyot, barqarorlik va farovonlik yo‘lida birlashtiruvchi strategik yo‘nalishdir.
Tashqi siyosatdagi o‘zaro ishonch va ochiqlik tamoyili tufayli O‘zbekiston bugun nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham ishonchli, faol va tashabbuskor hamkor sifatida tan olinyapti. Ayni paytda, mintaqada xavfsizlik, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va migratsiya kabi umumiy muammolarga qarshi birgalikda kurashish masalasi ham kun tartibida turibdi. Bu borada O‘zbekistonning tinchlikparvar tashabbuslari xalqaro maydonda keng eʼtirof etilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ham tobora faollashib bormoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mintaqaviy forumlarda, qo‘shma komissiyalar va xalqaro maydonlarda faol ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashish va qonunchilik sohasida hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda. Parlament diplomatiyasi bugun davlatlar o‘rtasidagi ishonchni chuqurlashtiruvchi, xalqlar o‘rtasida yaqinlikni mustahkamlovchi muhim vositaga aylanmoqda.
Markaziy Osiyo xalqlarini tarix, madaniyat va urf-odatlar birlashtirib turadi. Ushbu qadriyatlarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga yetkazish va ularni taraqqiyot sari yo‘naltirish barchamizning vazifamiz bo‘lmog‘i lozim.
Maxsud MUHAMMEDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati