Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan daʼvat


555     14.11.2025

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan maqolasi bugungi kunda butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan daʼvatdir.

Maqolada mintaqadagi davlatlar o‘rtasida so‘nggi yillarda shakllangan o‘zaro ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosidagi yangicha siyosiy muhitning mazmun-mohiyati chuqur yoritib berilgan.

Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda mintaqa davlatlarini nafaqat umumiy tarix, til va madaniyat, balki umumiy istiqbol — tinchlik, barqaror rivojlanish va xalqlar farovonligini taʼminlash yo‘lidagi mushtarak saʼy-harakatlar birlashtirmoqda.

Taʼkidlash lozim, bugungi dunyoda mintaqaviy hamjihatlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik har bir davlatning mustaqil taraqqiyoti garovidir. Shu maʼnoda, Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish konsepsiyasini belgilab bermoqda.

Shu bois, Qonunchilik palatasi deputati sifatida biz mazkur g‘oyalarni amaliy qonun loyihalari, parlament nazorati va xalqaro parlamentlararo aloqalar orqali qo‘llab-quvvatlashni o‘zimiz uchun muhim vazifa deb bilamiz. Yaʼni, maqolada belgilangan g‘oya va vazifalar nafaqat tashqi siyosat yo‘nalishida, balki qonun ijodkorligi jarayonlarida ham muhim dasturiy ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, Davlatimiz rahbarining maqolasi nafaqat siyosiy mulohaza, balki amaliyotga yo‘naltirilgan strategik yo‘llanma bo‘lib, uning atrofida parlament, hukumat va jamoatchilikning birlashuvi O‘zbekistonni, butun Markaziy Osiyoni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqadi.

 

Baxtiyor  MANIYAZOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati