Mintaqaning eng muhim siyosiy voqeasi


673     18.11.2025

Partiyaning O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi tomonidan “Toshkent muloqoti: Markaziy Osiyoning kelajagi va umumiy siyosiy yo‘nalishlari” mavzusida navbatdagi o‘quv-seminar o‘tkazildi. Partiya vakillari va yoshlar ishtirokida o‘tgan tadbir mehmoni taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bo‘ldi.

O‘quv-seminarning asosiy mavzusi O‘zbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘ldi.

– Men partiyaviy nuqtai nazardan o‘nglar tarafidamisiz yoki so‘llar, degan savolga javob berishgan qiynalaman. Lekin partiyalar orasida “Milliy tiklanish”ga yaqinligimni bilaman va o‘zaro hamkorligimizni qadrlayman. Har doim partiyaga kelganimda bu yerda hurmatli deputatlarni, ekspertlarni, O‘zbekistonning kelajakdagi siyosiy elitasini ko‘raman, – deya gap boshladi K.Rabbimov.

Mintaqamiz bilan bog‘liq bugungi siyosiy jarayonlar haqida gap ketganda, shubhasiz, eng muhim voqea bu Toshkentda o‘tgan mintaqamiz rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi, shuningdek, Qozog‘iston va Turkmaniston Prezidentlarining O‘zbekistonga qilgan davlat tashriflari bilan bog‘liq.

K.Rabbimov albatta, ushbu siyosiy voqealarning ahamiyati haqida uzoq gapirish mumkinligini taʼkidlarkan, eng katta yangilik Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlariga to‘la huquqli aʼzo sifatida qo‘shilgani, bu bilan Markaziy Osiyo bilan Janubiy Kavkazning birlashuvi uchun katta qadam tashlanganini qayd etdi. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

O‘quv-seminar ishtirokchilari yuqoridagi mavzulardan kelib chiqib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.