Tarixiy obyektlar ijarasi bekor qilinishi kerak


193     26.08.2024

   Maʼlumki, shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi loyihasi tadimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri  Kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyati Kengashi binosida tashkil qilindi.
   Partiya faollari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirokida o‘tgan taqdimotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova so‘zga chiqib, ishtirokchilarni yangi dastur loyihasi mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi.
   – Partiya uchun eng ustuvor masala shubhasiz tarbiya va taʼlim masalalari hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida maktabgacha va maktab taʼlimiga ustuvorlik berilmoqda, – dedi Umida Rahmonova.
   Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzosi Abira Husainova, partiyaning Buxoro viloyati Kengashi raisi Maxsud Muhammedovlar ham so‘zga chiqib, dastur loyihasining tayyorlanish jarayonida buxoroliklarning ishtiroki haqida gapirdi.
   – O‘tgan yili birgina Romitan tumanidagi beshta tarixiy yodgorlikka qariyb 300 milliard so‘mlik zarar yetkazildi. Tuzatib bo‘lmas bunday holatlarning oldini olish maqsadida yangi dastur loyihasida madaniy meros obyektlari muhofazasini yanada kuchaytirish, hatto ijaraga berish tizimini bekor qilish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surilmoqda, – dedi Maxsud Muhammedov.
   Taqdimotda ishtirokchilarning dastur bo‘yicha fikr-mulohazalari eshitildi. Loyihani takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va tashabbuslar ilgari surildi.