745 19.11.2025
Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga teng huquqli a’zo sifatida qo‘shilgani ham mushtarak tarix, qardoshlik rishtalari, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Qayd etilganidek, ushbu strategik qadam Maslahat uchrashuvlariga kuchli shiddat beradi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytiradi, barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlarni ochadi.
Bugun dunyoda keskinlik kuchayib, geosiyosiy vaziyat izdan chiqqan bir davrda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bir stol atrofiga yig‘ilib, mintaqa taraqqiyoti bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgani, albatta, tarixiy ahamiyatga ega. Dunyoda bir mintaqada joylashgan yoki qo‘shni, hatto qardosh davlatlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lgan bir vaziyatda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli dasturiy maqolasida ta’kidlanganidek, biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz.
To‘g‘ri, azaldan qardosh davlatlar o‘rtasida ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarning hal etilmagani dunyo hamjamiyatining mintaqaga bo‘lgan e’tibori, ishonchi kutilgandek emasdi. Uzoqni ko‘zlab yuritilgan amaliy ishlar, yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslagan hamkorlik, eng muhimi, dunyo sahnasida “Markaziy Osiyo plyus” formatida yagona sub’ekt bo‘lib boshlangan harakatlar xalqaro maydonda mintaqamizning tan olinishiga, ishonch paydo bo‘lishiga, yaqin hamkorlik o‘rnatilishiga asos bo‘ldi. Albatta, bunda Prezidentimizning oqilona siyosati, shubhasiz, muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Mintaqamiz jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashib, investitsiyaviy jozibadorligi oshmoqda. Uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘syapti. O‘tgan yili mintaqada o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi. Investitsiyalarning umumiy hajmi esa 17 foizga ko‘paydi. Ixtiloflarga sabab bo‘lgan hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi. Chegara punktlari ochilib, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Transport aloqalari qayta tiklandi. Faol savdo-investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Prezidentimiz Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqamiz 10-20 yildan keyin qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqib, qator takliflarni ilgari surdi. Yuqorida qayd etganimizdek, maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish, ma’muriy to‘siqlarga barham berish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish, transport-logistika salohiyatini rivojlantirish, Afg‘onistonni umumiy mintaqaviy siyosatimizning ajralmas qismiga aylantirish va 2026-2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish takliflari shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvida qabul qilinayotgan hujjat va ilgari surilgan tashabbuslar zamirida barchamiz uchun umumiy bo‘lgan barqaror, xavfsiz va gullab-yashnagan Markaziy Osiyoni barpo etish maqsadi mujassam ekanini ta’kidladi. “Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin”, – dedi Prezidentimiz. Mintaqamizda kechayotgan jarayonlar esa haqiqatan ham ongli va ortga qaytmas tanlov. Ushbu yo‘l bizdan nafaqat birgalikdagi sa’y-harakatlarni, balki umumiy kelajagimiz uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishga tayyor bo‘lishimizni ham talab qiladi.
Zuhra MIRG‘OZIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati