Yangiliklar

584 06-04-2023
Qoraqalpog‘iston taraqqiyotida yangi sahifa ochilmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga uyushtirilgan navbatdagi tashrifini yurtdoshlarimiz tarixiy uchrashuvlarga boy bo‘lgan tashrif deb baholamoqdalar.
Dastlab davlatimiz rahbari Kegeyli tumanida bo‘lib, Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdilar.
Shu o‘rinda ushbu muhim yig‘ilishdan avval 6 ta yirik korxonani ishga tushirish marosimi o‘tkazilganini ta’kidlash joiz. Unda Beruniy tumanidagi «Beruniy bug‘doy klaster» hamda «Rayhon apparel», Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement» zavodining 3-bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi «KKRasi kemikal», Nukus shahridagi «Azimut hotel», To‘rtko‘l tumanidagi «Xozagro» vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdilar. Ta’kidlanishicha, mazkur korxonalarda jami 1 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million AQSH dollar qo‘shiladi.
Nihoyat, Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdilar.
Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yurtboshimiz «Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinayapti va bu ishlar to‘xtamaydi,» – dedilar.
Qayd etilishicha, so‘nggi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravarga ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish hajmi 2-3 baravarga oshib, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotidagi ulushi 12 foizga yetgan.
Umuman, bu davrda Qoraqalpog‘istonda sanoat 1,3 baravar o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyodga o‘sgan.
Prezidentimiz har safar Qoraqalpog‘istonga kelganlarida va qoraqalpoq xalqiga yaxshi yangiliklar, katta e’tibor va mehr ko‘rsatadilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi va Davlatimiz rahbari hududni rivojlantirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirib, bir qator imtiyozlar berilishini e’lon qildilar.
Xususan, davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbusni ilgari surdilar.
Birinchisi, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Ikkinchisi, kadastri yo‘q 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulkka tegishli hujjatlar qilib beriladi.
Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonni «ishsizlikdan xoli hudud»ga aylantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga e’tibor kuchaytiriladi. Bundan tashqari, hududdagi 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘pligi, 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emasligi, 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerakligi ta’kidlanib, 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlash, shu jumladan issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratish belgilandi.
Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz tomonidan qaysi soha tilga olinmasin, albatta mavjud muammolar tahlil etilib, ularni hal qilish yo‘llari aniq belgilab berilishi diqqatga sazovordir.
Tashrif davomida Prezidentimiz Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida ham bo‘lib, millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbirda ishtirok etdilar. Shundan keyin Nukus yoshlar texnoparkini borib ko‘rdilar. Nukus shahridagi «Altin jag‘is» mahallasida ham bo‘lib, aholi bilan samimiy muloqot qildilar.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga e’tiborlari biz deputatlarga o‘ziga xos vazifa ham bo‘ldi, desam yanglishmagan bo‘laman. Faxr bilan aytaolamanki, bu galgi tashrif ham xalqimizning buyuk kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchini yanada mustahkamladi. Shuning uchun ham biz Vatanimizni Prezidentimizday ardoqlab, sevib, do‘stlik va birodarlikni, tinchlik-osoyishtaligimizni mustahkamlashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Tajibay Romanov,
partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati
"Milliy tiklanish" gazetasining 2023-yil 5-aprel sonidan olindi