Raqamli olamdagi faollik masalasi muhokama qilindi


612     19.11.2025

Maʼlumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimiz aholisining 94 foizi internetdan foydalanadi va ijtimoiy tarmoq bilan bog‘langanlar soni ham tobora o‘sib boryapti. Bu tizim odamlar hayotini misli ko‘rilmagan darajada yengillashtirib, o‘zgartirdiki, bu tizimsiz kundalik hayotimizni tasavvur qilolmaydigan darajaga yetdik.

Hatto odamlar ham vaqtini, ham naqtini tejash maqsadida tegishli idoralar va masʼullarga internet orqali murojaat qilishni, muammolariga tezroq yechim so‘rashni o‘rgandi. Shu bois, barcha idora va tashkilotlar, masʼul shaxslardan raqamli olamda faol bo‘lish, Yangi O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan har qanday voqea-hodisalarga munosabat bildirish, fuqarolarning murojaatlarini eshitish talabi ham qo‘yilgan. Jumladan, deputatlarga ham.

Deputatlar xalq vakili ekan, demak, ular ham bugun “qaynayotgan” ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi lozim. Deputat nafaqat o‘z faoliyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib, saylovchilarini qilayotgan ishidan boxabar qilib borishi zarur, balki raqamli dunyo orqali murojaatchilari bilan bog‘lanib, dardini, muammolarini eshitishi va ularni hal etish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib borishi kerak.

Partiya Markaziy kengashida “ZOOM” ilovasi orqali hududiy Kengash rahbarlari, deputatlar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda aynan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda vakillik organlari faoliyatini keng yoritish, deputatlarning raqamli olamdagi faolligini oshirish va bunda nimalarga eʼtibor qaratish masalalari muhokama qilindi. Tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

 

Hamdam NIYOZOV,
partiya Markaziy kengashi
bo‘lim boshlig‘i