765 20.11.2025
Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida qabul qilingan qaror va hujjatlar, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy integratsiya va ijtimoiy rivojlanish yo‘lida yangi strategik maqsadlarga erishishda shubhasiz muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” konsepsiyasi nafaqat mintaqaviy siyosiy integratsiyani mustahkamlash, balki barqaror iqtisodiy rivojlanish, transport va taʼlim-madaniyat sohalarida hamkorlikni kuchaytirish imkonini beradi.
Sammitda qabul qilingan yana bir muhim qaror Ozarbayjon Respublikasining Maslahat formatiga to‘la huquqli aʼzo sifatida qo‘shilishi bilan bog‘liq. Bu qaror mintaqaviy integratsiyani kengaytirib, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari o‘rtasida barqaror savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalarida yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochadi.
Uchrashuv yakunida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi” va 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan xavf katalogi mintaqaviy tahdidlarni oldindan aniqlash, bartaraf etish va barqarorlikni taʼminlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bu esa O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlikni taʼminlashdagi yetakchi rolini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, transport va iqtisodiy integratsiya masalalari ham keng muhokama qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Trans-Afg‘on yo‘nalishi va boshqa yirik transport yo‘laklarini rivojlantirishni taklif qildi. Bu loyihalar mintaqani global savdo yo‘llariga yaqinlashtirish, O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirish va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish imkonini beradi. Sammit doirasida taʼlim va madaniyat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Yettinchi Maslahat uchrashuvi nafaqat Markaziy Osiyodagi davlatlar rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va qardoshlikni mustahkamladi, balki mintaqaviy hamkorlikning barqaror institutsional asoslarini yaratishga ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Elyor KELDIYOROV,
O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi shu’ba mudiri