Toshkent uchrashuvida ilgari surilgan strategik taklif va tashabbuslar


815     20.11.2025

Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi nafaqat mintaqa, balki butun turkiy xalqlar uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy voqea sifatida eʼtirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan strategik taklif va tashabbuslar esa mintaqada yangi muhitning paydo bo‘lishiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Avvalo Ozarbayjonning mazkur formatga to‘laqonli aʼzo sifatida qo‘shilgani mintaqaviy birdamlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy va diplomatik manfaatlarga, balki tarixiy aloqalar, mushtarak madaniyat va umumiy taraqqiyot ildizlariga tayanadi. Mintaqaning yangi integratsion makon sifatida shakllanishiga mustahkam poydevor yaratadi.

Uchrashuv davomida taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo “tangliklar hududi” haqidagi eskicha stereotiplardan butkul voz kechdi. Bugun mintaqa ochiq muloqotlar, o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlik maydoniga aylandi. Chegaralarning ochilishi, savdo aylanmasining keskin o‘sishi, transport-logistika yo‘laklarining tiklanishi – mintaqa iqtisodiy taraqqiyotining yangi davrini boshlab berdi.

Maslahat uchrashuvidagi muhim takliflardan biri hamkorlikni “Maslahat tadbiri” formatidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” darajasiga ko‘tarish g‘oyasidir. Bu tashabbus mintaqaning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasini belgilab beradi. Oqsoqollar kengashini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan taklif esa ko‘p millatli, qadriyatlarga tayanadigan jamiyatlar uchun ayni muddaodir. Bu kengash faqat maslahat organi emas, balki maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini ham bajaradi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan iqtisodiy tashabbuslar, xususan, elektron tijoratni rivojlantirish, umumiy investitsiya makoni yaratish, “yashil energetika”ni keng yoyish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bugungi global sharoitda nihoyatda dolzarbdir. Ushbu yo‘nalishlar mintaqani kelgusi o‘n yilliklarda jadal rivojlanayotgan, raqobatbardosh hududga aylantiradi.

Ayniqsa, ilmiy markazlar faoliyatini kengaytirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, yoshlar maʼnaviy tarbiyasini mustahkamlashga qaratilgan takliflar butun mintaqani intellektual renessans bosqichiga olib boruvchi muhim omillardir. Bu yondashuvlar shubhasiz Markaziy Osiyoda ilm-fan, taʼlim, maʼnaviyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Rajabboy Hasanov,
partiyaning Buxoro viloyati Kengashi raisi