Uchinchi Renessans sari tashlangan muhim qadam


536     20.11.2025

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil 11-noyabr kuni imzolangan “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini jahon ta’lim makoniga integratsiyalashuvini yanada tezlashtirishi bilan  muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Avvalo hozirgacha 38 davlat ratifikatsiya qilgan ushbu global Konvensiyaning mazmun-mohiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, YUNESKO tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu hujjat dunyo miqyosida turli mamlakatlar tomonidan berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olishning yagona tamoyil va qoidalarini belgilaydi. Uning asosiy maqsadi milliy ta’lim tizimlarining xalqaro integratsiyalashuvini ta’minlash, oliy ta’lim sohasidagi malakalarni barcha davlatlarda o‘zaro tan olish jarayonlarini soddalashtirish hamda ta’lim haqidagi hujjatlarning umume’tirof etilishini yo‘lga qo‘yishdir. Hujjat BMT doirasidagi oliy ta’lim bo‘yicha ilk global shartnoma bo‘lib, unda malakalarni adolatli va shaffof baholash mexanizmlarini yaratish, mintaqalararo akademik mobillikni rivojlantirish hamda talabalar, o‘qituvchi va tadqiqotchilarning erkin harakatlanishini qo‘llab-quvvatlash vazifalari qo‘yilgan.

Global Konvensiyaning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi natijasida birinchidan, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat va diplomlarni baholash hamda nostrifikatsiya qilish jarayonlari adolatli va shaffof amalga oshirilishi uchun huquqiy asos yaratadi. Bu esa xorijda olingan diplomlarni tan olishda byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi. Ikkinchidan, akademik mobillik kengayadi. Talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar o‘z malakalari e’tirof etilishi evaziga boshqa mamlakatlarda erkin ta’lim olib, faoliyat yuritishi osonlashadi.

Uchinchidan, vatandoshlarimizning xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishi uchun imkoniyatlar kengayadi. Natijada oliy ta’lim olishda qulayliklar ortadi hamda O‘zbekistonning milliy oliy ta’lim tizimi sifati va raqobatbardoshligi oshadi. To‘rtinchidan, O‘zbekistonda berilgan diplomlarning xalqaro mehnat bozorida tan olinishi yengillashadi. Bitiruvchilarimiz chet ellarda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashda malakasi tan olinishidan manfaatdor bo‘ladi. Xuddi shu tarzda, chet elda ilm olgan yoshlar Vataniga qaytgach, u yerdagi diplomlari to‘siqlarsiz e’tirof etiladi. Shuningdek, Oliy ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida xalqaro hamkorlik chuqurlashadi. Ya’ni, Konvensiya ushbu yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash uchun muhim huquqiy platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Oliy Majlis palatalarida qonun loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalarda deputat va senatorlar ta’kidlaganlaridek, Konvensiya O‘zbekistonni jahon ta’lim maydoniga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Qonun kuchga kirishi bilan fuqarolarimizga xorijda bemalol ta’lim olish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Tizimning raqobatbardoshligi yuksaladi hamda bitiruvchilarimizning xalqaro mehnat bozoriga kirishi osonlashadi.

Demak, Konvensiya tamoyillari Yangi O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan strategik maqsadlar bilan hamohang bo‘lib, mamlakatimizning strategik rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi. Xususan, 2026-yilgacha yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish hamda kamida 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini jahonning nufuzli reytinglariga kiritishga erishish kabi vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, hujjat davlat oliy ta’lim muassasalariga ichki akademik va moliyaviy mustaqillik berish, xususiy va xorijiy universitetlar filiallarini ko‘paytirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iqtidorli yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lami 2 baravarga kengaytirish kabi maqsadlar bilan ham hamohangditr.

Yuqoridagi maqsadlarning barchasi O‘zbekistonda oliy ta’limini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni jahon standartlari va talablariga moslashtirishga qaratilgan bo‘lib, Konvensiya ratifikatsiyasi bu jarayonni tezlashtiradi. Boshqacha aytganda, 2030-yilga borib O‘zbekistonni yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga qo‘shish, aholi talabiga va xalqaro mezonlarga javob beradigan ta’lim tizimini yaratish kabi ulkan marralarga erishishda xalqaro hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Global Konvensiya bu hamkorlikni huquqiy jihatdan kafolatlab, ijrosiga ko‘maklashadi.

Shu o‘rinda Konvensiya doimo ta’limni ustuvor bilgan partiyamiz – “Milliy tiklanish” maqsad-vazifalariga ham hamohang ekanini ham ta’kidlash lozim. Partiya o‘z nomi va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, milliy ma’naviyatni yuksaltirish, xalqning intellektual salohiyatini oshirish va shu orqali milliy taraqqiyotga erishishni o‘zining bosh vazifasi deb biladi.

Partiya dasturida milliy manfaatlar va milliy qadriyatlarni himoya qilish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda jamiyatda ma’rifatni yoyishga alohida urg‘u berilgan. Shu bilan birga, barqaror taraqqiyotga erishish, xalq farovonligini oshirish uchun zamonaviy bilim va innovatsiyalarni egallagan kadrlarni yetishtirish zarurligi ham ta’kidlanadi. Maqsad ilm-fan va ma’rifatni qo‘llab-quvvatlash, barkamol avlodni tarbiyalash orqali uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu g‘oyalarga tezroq erishishdir.

 

Nuriddin SHERMATOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi,
Yoshlar parlamenti qo‘mita raisi