Yangiliklar

567 06-04-2023
Konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekiston uchun yangilik emas, ammo...
Toshkent Moliya institutida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov ishtirokida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Partiya yetakchisi yangilanayotgan Konstitutsiya mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekiston uchun yangilik emasligini, ammo Bosh Qonunga bugungi real ehtiyojlardan kelib chiqqan holda o‘zgartishlar kiritilayotgani tarixiy voqeylik ekanini taʼkidladi.
Real ehtiyojga birgina misol. O‘n yillar oldin valyuta bilan bog‘liq qanday “o‘yinlar” bo‘lgani barchaga maʼlum. Valyutada kredit olib, chetdan texnologiya keltirgan qanchadan-qancha tadbirkorlar xonavayron bo‘ldi. Yaʼni, real holat bilan davlatning iqtisodiy siyosati o‘rtasida katta nomutanosibliklar bor edi. Bugun bunday holatlarga butunlay barham berildi. Xorijda o‘qiyotgan farzandlarimizga bemalol valyutada pul to‘lab beryapmiz. Valyuta bilan bog‘liq ishlarimizni hatto bankka bormay, telefon orqali ham hal qilyapmiz.
– Bugun amaldagi Konstitutsiya 65 foizga o‘zgarayotgan ekan, bu real o‘zgarishlardan dalolat emasmi? – dedi Alisher Qodirov.
Tadbirda real voqeylik, yaʼni Yangi O‘zbekiston islohotlariga javob bermayotgan amaldagi qonunlarga o‘nlab misollar keltirildi. Talabalardan tushgan savollarga javob qaytarildi.