Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi


664     21.11.2025

Xalqaro kuzatuvchilar Markaziy Osiyo siyosatini belgilashda O‘zbekiston va Qozog‘istonning mas’uliyatiga alohida urg‘u berishyapti. Zero, ikki xalq azaldan bir-biriga qo‘shni, inoq, tinch-totuv bo‘lib yashab kelgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi keyingi 7 yilda 2,5 barobarga o‘sib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshidan beri 15 foizga oshib, 4 milliard dollarga yetibdi. Tomonlar mavjud zaxiralardan samarali foydalanib, bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 10 milliardga yetkazishga harakat qilishmoqda. Shu o‘rinda so‘nggi yillarda har ikkala mamlakat sarmoyalari ishtirokida 6,5 mingta qo‘shma korxona tashkil etilganini aytish joiz. Yuk tashish hajmi ham keskin o‘sib, shaharlar o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayevning 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan yurtimizda bo‘lgani esa davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlari tarixida, shubhasiz, yangi davrni boshlab berdi.

Tashrif doirasida eng muhim tadbir - ikki davlat Prezidentlari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va o‘zaro sheriklikni kengaytirishga qartilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. Tahlilchilarning fikricha, «Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazida ham 1,3 milliard dollarlik loyihalar ishga tushiriladigan bo‘libdi. Shuningdek, umumiy qiymati 8 milliard dollardan ziyod bo‘lgan Sanoat kooperatsiyasi dasturi tayyorlangan. Bundan tashqari «Silkway Central Asia» ko‘p tarmoqli logistika markazi, chiziqli alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari, Yangi Toshkentda «Ostona» mavzesi hamda poytaxtlarda «Toshkent» va «Ostona» mehmonxona majmualari qurilishi boshlanganini aytish joiz.

Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilning 9 oyida O‘zbekistonga kelgan 8,6 million xorijlik sayyohning 80 foizi, ya’ni 6,9 millionini ham qo‘shni davlat sayyohlari tashkil qilgan va bu boradagi eng yuqori o‘sish Qozog‘istonga tegishlidir. Tashrifning eng muhim voqealaridan biri Qozog‘iston Prezidentiga O‘zbekistonning oliy davlat mukofoti - «Oliy Darajali Do‘stlik» ordenini topshirilgani bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbarining ikki qardosh xalq o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida e’tirof etgan bo‘lsa, Qasim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston va O‘zbekiston birgalikda taraqqiyot yo‘lidan borayotgan ishonchli ittifoqchi va strategik sherik ekanini, xalqlarimiz bir-biriga samimiy hurmat ko‘rsatadigan chinakam birodar va yaqin do‘stligini ta’kidladi.

Aslida tomiri bir bo‘lgan o‘zbek-qozoq halqlari azaldan «Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi», degan naql asosida bir oiladek yashab kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

 

Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-noyabr sonidan olindi