Aholi bandligini taʼminlash ustuvor vazifa


554     21.11.2025

19-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda "Aholi bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish va mahallalarda iqtisodiy faollikni oshirish"ga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ko‘plab oilalar barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda. Mahallalarda tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratilyapti va aholi bandligida ijobiy o‘sish kuzatilmoqda.

Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgan (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan). Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgan.

Yig‘ilishda Prezidentimiz aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga to‘xtalib, 2026-yildan boshlab bandlik siyosatini yana-da samarali tashkil qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Jumladan, mahallalarda yangi iqtisodiy hududlar tashkil etish va servis xizmatlar ulushini oshirish, qurilish, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy resurslar, subsidiya va grantlar ajratish, qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan loyihalarni kengaytirish, fermerlar daromadini ko‘paytirish, nogironligi bo‘lgan fuqarolar va ehtiyojmand oilalar uchun maxsus bandlik dasturlarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish muhimligiga urg‘u qaratildi.

Aholi daromadlarining barqaror va qonuniy bo‘lishini taʼminlash uchun rasmiy mehnat munosabatlari kuchaytirilishi, mahalla darajasida “bir darcha” tamoyili asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlandi. Bu bilan aholiga subsidiya, kredit ajratish, ularni kasbga o‘qitish va ishga yo‘naltirishda tezkorlik, shaffoflikka erishilishi taʼkidlandi.

Albatta, barchamiz Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan yangi bandlik siyosatiga shunchaki yillik dastur emas, balki mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan strategik yo‘nalish sifatida qarashimiz lozim. Chunki mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish, aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga doir ilgari surilgan muhim tashabbuslar hududlardagi bugungi holatni tubdan o‘zgartirib, aholining turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Azamat Pardayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati