556 21.11.2025
XXI asrning birinchi choragiga Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy davrning boshlanishi deya ta’rif berilmoqda. Qayd etish joizki, ushbu hududda ma’lum bir davrlarga xos bo‘lgan ziddiyatlar o‘rnini nihoyat ochiq muloqotlar, hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilish madaniyati egallamoqda. Integratsiya jarayonlari esa faqat tashqi siyosiy omillar tufayli emas, balki mintaqa davlatlaridagi ichki demokratik yangilanishlari tufayli ham tezlashmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, ayni paytdagi demokratik islohotlar, inklyuzivlik va siyosiy institutlarning kuchayishi mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun hal qiluvchi omil bo‘layotir. Ya’ni, keyingi sakkiz yilda mintaqa davlatlarining o‘zaro munosabatlarida ochiqlik, o‘zaro ishonch va muloqot madaniyati yuzaga keldi. Bu jarayonlar faqat oqilona tashqi siyosiy yondashuv yoki geoiqtisodiy manfaatlar natijasi emas, balki institutsional yangilanishlar bilan ham bevosita bog‘liqdir.
Eng muhimi, bunday yangilanishlar asosan davlat rahbarlarining chuqur o‘ylangan tashabbuslari bilan amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda siyosiy institutlar, parlament diplomatiyasi, fuqarolik jamiyati hamda ommaviy diplomatiya elementlarining kuchayishi yuqoridagidek ezgu tashabbuslarning yashovchanligini ta’minlamoqda. Aytish joizki, demokratik yangilanish va inklyuziv boshqaruvning mintaqa integratsiyasidagi ahamiyatini tasdiqlovchi asosiy omillardan biri, bu - chegaralarning huquqiy jihatdan xal etilishi va tarixiy kelishmovchiliklarning bartaraf etilishi bo‘ldi. Bunga 2025-yilda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch nuqtali chegarani belgilash bo‘yicha Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolanishi misol bo‘lishi mumkin. Ushbu kelishuv faqat geografik nuqtani emas, balki o‘tmishdagi ziddiyatlar o‘rniga murosa madaniyatini joriy qilish, manfaatlarni inklyuziv tarzda kelishish imkoniyatini ham namoyon qildi. Bu jarayon ayni paytda mintaqadagi siyosiy qarorlar qabul qilish ko‘nikmasining yangi sifat bosqichi bo‘lib, «ko‘proq sheriklik, kamroq konfrontatsiya» tamoyillarini ham amalda tasdiqladi.
Agar o‘tgan yillarda Davlatlar rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari o‘zaro hamkorlikning asosiy platformasi sifatida shakllangan bo‘lsa, uning Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi qo‘shma qarorlar ijrosini ta’minlaydigan institutsional mexanizmga aylandi. Parlamentlararo muloqot, xavfsizlik kengashlari kotib- lari darajasidagi uchrashuvlar va «Markaziy Osiyo plyus» formatlaridagi hamkorlik aloqalari siyosiy institutlar faqat ichki boshqaruv subyekti emas, balki tashqi siyosiy ta’sir kuchiga ega tuzilmalarga aylanayotganini ham ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda mintaqaviy institutlarning mustahkamlanishi tashqi dunyoning ham Markaziy Osiyoga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirganini aytish mumkin. Buning isboti sifatida «Markaziy Osiyo plyus» (C5+1) formatining transformatsiyasini tilga olish mumkin. Garchi ushbu format (masalan, AQSH bilan 2015-yildan) avvaldan bor bo‘lsada, uzoq vaqt davomida ko‘proq maslahatlashuv xarakteriga ega bo‘lib, aniq dasturlarsiz ish olib borgan edi.
Keyingi yillarda, xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli ana shu mintaqaviy birdamlik real kuchga aylandi. Bu ayni paytda, C5+1 formatini global kuchlar uchun haqiqiy manfaatli mexanizmga ham aylantirdi. Ya’ni, endi jahon poytaxtlari (Vashington, Pekin, Bryussel, Berlin, Moskva) Markaziy Osiyoni tarqoq besh davlat emas, balki umumiy, muvofiqlashgan pozitsiyaga ega bo‘lgan subyekt sifatida qabul qila boshladilar.
2023-yili AQSH (Nyu-York) va Xitoy (Sian) bilan C5+1 formatidagi birinchi oliy darajadagi sammitlarning o‘tkazilishini buning tarixiy tasdig‘i deb atash mumkin. Ushbu jarayonning mantiqiy davomi esa noyabr oyi boshida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 Oliy darajadagi sammiti bo‘ldi. Agar avvalgi uchrashuvlar ko‘proq siyosiy deklaratsiyalar bilan cheklangan bo‘lsa, Vashington sammiti aniq iqtisodiy va strategik yo‘nalishlarga, xususan, nodir yer elementlari, muqobil transport yo‘laklari («O‘rta koridor») va energetika xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikka qaratildi.
Bunday o‘zgarishlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarning ichki islohotlari va mintaqaviy birdamligi C5+1 formatini umumiy bayonotlar platformasidan aniq manfaatlar va loyihalar muhokama qilinadigan pragmatik mexanizmga aylantirdi.
Inklyuzivlikning siyosiy jihatdan yana bir muhim talqini - bu mintaqaviy resurslardan birgalikda foydalanishga qaratilgan tashabbuslar bo‘ldi. Masalan, Qambarota GES-1, Zarafshon daryosini boshqarish, Bahri Tojik suv ombori, Amudaryo resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvlarni faqat iqtisodiy loyihalar emas, balki transchegaraviy resurslar ustidan «bir davlat - bir manfaat» mantig‘ini «bir mintaqa - umumiy manfaat» modellari bilan almashtirishga qaratilgan inklyuziv yondashuv, deb atash mumkin. Bunday hamkorlik munosabatlarida barcha ishtirokchilar bir vaqtning o‘zida ham manfaatdor subyekt, ham mas’ul sherik sifatida namoyon bo‘ladi.
Biroq, integratsiya faqat siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar darajasida qolib ketmasligi kerak. Integratsiyaning barqarorligini ta’minlash uchun jamiyatning barcha qatlamlarini jalb etish, ya’ni «pastdan yuqoriga» yo‘nalgan inklyuzivlikni ta’minlash lozim bo‘ladi. Bunda esa olimlar, ziyolilar va faol yoshlar hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak.
Birinchidan, olimlar va «aql markazlari» siyosiy qarorlarning ilmiy asoslanganligini ta’minlashlari lozim bo‘ladi. Masalan, ular Orol dengizi qurishining umumiy ekologik oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yida hayotni tiklash, transchegaraviy suvdan foydalanish, «yashil energetika»ga o‘tish va «O‘rta koridor» samaradorligi kabi hayotiy muammolar bo‘yicha ma’lumotlar va jiddiy tahlillarga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishlari zarur. Ilmiy hamjamiyatning vazifasi esa umumiy ta’lim standartlarini ishlab chiqish, qo‘shma tadqiqot platformalarini yaratish va hukumatlar uchun izchil rivojlanish ssenariylarini taklif qilishdir.
Ikkinchidan, ushbu qatlam va «xalq diplomatiyasi» vakillari integratsiyaga eng katta to‘siq bo‘lgan o‘zaro ishonchsizlik va eski stereotiplarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadilar. Ziyolilar, yozuvchilar, madaniyat va san’at arboblari ayni paytda «umumiy Markaziy Osiyo makoni» g‘oyasini shakllantiruvchi «yumshoq kuch»ga ham aylanishlari lozim. Ushbu qatlam vakillarining vazifasi - milliy o‘zlikni saqlagan holda, umumiy tarixiy meros, madaniy yaqinlik va mushtarak kelajak manfaatlari haqida yangi, konstruktiv voqeliklar yaratishdir. Masalan, gidroinshootlarni tahdid emas, umumiy manfaat va hamkorlik imkoniyati, Orol fojiasini esa umumiy mas’uliyat deb biluvchi madaniy muhit yaratish lozim. Qo‘shma kinofestivallar, adabiy tarjimalar, teatr gastrollari va media loyihalar orqali «xalq diplomatiyasi» kuchaytirilsa, bu shubhasiz, siyosiy kelishuvlardan ko‘ra, mustahkamroq poydevor yaratadi.
Uchinchidan, bilamizki, inklyuziv rivojlanishning asosiy omili - bu yoshlar va inson kapitalidir. Markaziy Osiyo aholisining o‘rtacha yoshi 29 ni tashkil etar ekan, demokratik modernizatsiya va innovatsion rivojlanish aynan yoshlarning ishtiroki va faol fuqarolik jamiyati bilan uzviy bog‘liqligi anglashiladi. Markaziy Osiyo Yoshlar platformasi, rektorlar forumi, madaniy almashinuvlar, ichki turizm ulushining 80 foizga yetgani ham fuqarolar integratsiyasini kuchaytiruvchi omillardir. Bunday jarayonlar natijasida integratsiya faqat davlatlararo siyosiy loyiha emas, balki keng jamoatchilik manfaatlariga xizmat qiluvchi ijtimoiy harakatga aylanadi. Afg‘oniston masalasida ham aynan inklyuziv yondashuv ustuvor o‘rin tutmoqda.
Mintaqada ushbu davlatni xavf manbai emas, balki umumiy tinchlik makonining ajralmas qismi sifatida ko‘rmoqdalar. Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi, gumanitar yordam, ta’lim va energetika sohasidagi hamkorliklar shu ma’noda ham Afg‘onistonni izolyatsiya qilish emas, balki uni inklyuziv mintaqaviy jarayonga qo‘shish harakati ekanini ko‘rsatadi. Bunday siyosatning mag‘zi esa xavfsizlikni inklyuziv iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy integratsiya orqali ta’minlash g‘oyasiga asoslanadi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyoning bugungi rivojlanish trayektoriyasi shundan dalolat beradiki, demokratik islohotlar va inklyuziv siyosiy institutlar mintaqa davlatlarining ichki taraqqiyoti va mintaqaviy hamkorligining yagona va muqobil yo‘lidir. Institutlarsiz - integratsiya barqaror bo‘lmaydi, inklyuzivliksiz esa - adolatli hamkorlikka erishib bo‘lmaydi, demokratik modernizatsiyasiz esa iqtisodiy o‘sishning ijtimoiy legitimligi ta’minlanmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, tahlilchilar alohida ta’kidlaganlaridek, Markaziy Osiyoning yangi integratsiya modeli - bu devorlar qurish emas, ko‘priklar barpo etish, siyosiy nazorat emas, o‘zaro ishonchga tayangan hamkorlik, yopiq elitarlik emas, keng jamoatchilik manfaatlarini ifoda etuvchi inklyuziv siyosiy tizim bo‘lmog‘i zarur. Shu bois, hududdagi demokratik o‘zgarishlar faqat ichki siyosiy jarayon emas, balki umumiy mintaqaviy kelajakni belgilaydigan sivilizatsion tanlov hamdir. Bu tanlovning asosiy mazmuni - Markaziy Osiyoni tinch, barqaror, ochiq va inklyuziv rivojlanish makoniga aylantirishdan iborat.
Demak, Markaziy Osiyodagi demokratik jarayonlar va hokimiyatlarning muvozanatlanganligi - regional barqarorlikning yagona va fundamental shartidir. Shu bilan birga, inklyuzivlik - umumiy manfaatlar asosida integratsiya modelini shakllantiruvchi asosiy faktor, siyosiy institutlar esa kelishuvlar ijrosini ta’minlovchi ishonchli mexanizmdir.
Nargiza XAMIDOVA,
O‘quv, tadqiqot va tahlil markazi direktori
“Milliy tiklanish” gazetasining 2025-yil 19-noyabr sonidan olindi