627 21.11.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar sarhisob qilinib, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari o‘tgan davr mobaynida ayni yo‘nalishda qilingan ishlar, erishilgan natija va foydalanilmagan imkoniyatlarga alohida to‘xtaldi.
Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgani (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan), bu borada Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarning hokimlari katta resursi va mablag‘i bo‘la turib, ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani, odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagani tanqid qilinib, bir qator hududiy rahbarlar ishdan olindi, ayrimlariga tegishli chora ko‘rilishi belgilandi.
Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi masʼuliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar masʼul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani maʼlum qilindi.
Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi lozimligiga eʼtibor qaratib, bu boradagi ishlarni tashkil qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish, servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini taʼminlash, sanoat loyihalari orqali doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish, ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash va aholi daromadini oshirishning eng muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz mazkur tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari va ularning moliyaviy manbalarini aniq ko‘rsatib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga bu tizimni samarali ishlatib, tegishli choralar ko‘rish vazifasini topshirdi.
Darhaqiqat, kambag‘allikni qisqartirishda oylik yoki nafaqa miqdorini oshirish emas, balki eng avvalo aholini ish bilan taʼminlash, ularda tadbirkorlik hissini uyg‘otish samaraliroq hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda ham asosiy eʼtibor ayni yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
Akbar Axtamov,
Samarqand viloyat Kengashi raisi