Maqsadimiz o‘zgarmas: odamlarni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash


518     27.11.2025

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi hudud rivojiga berilayotgan strategik eʼtibor va yuksak ishonch namunasi bo‘ldi.

Taʼkidlash zarur, so‘nggi yillarda Samarqand nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham yirik siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markazi sifatida tanilmoqda. Birgina joriy yilda viloyatda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjumanlarning o‘tkazilgani, xususan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ham bu zaminda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasi hisoblanadi.

Haqiqatan ham keyingi vaqtlarda viloyatda katta loyihalarga qo‘l urilmoqda. Xususan, Samarqand shahri hamda Urgut tumanini bog‘lagan 55 kilometrlik temir yo‘l bunga misol bo‘la oladi. Loyiha yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkonini beradi.

Sessiyada Urgut tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi yaqinida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy ekoshahar qurilishi ham eʼlon qilindi. Shuningdek, 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahri tasarrufiga o‘tkazilishi taʼkidlandi. Bu urbanizatsiya jarayonlarini strategik rejalashtirish samaradorligini oshirib, Samarqand shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yangi imkoniyatlar ochadi.

Davlatimiz rahbari Urgut tumani misolida viloyatning mavjud imkoniyatlarini chuqur tahlil qilib, vazirlik, hokimliklar oldiga kelgusi yil uchun aniq va natijaga yo‘naltirilgan vazifalarni qo‘ydi. Bu topshiriqlar hududlar kesimida manzilli islohotlarni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu viloyatdan saylangan deputat sifatida shuni taʼkidlamoqchimanki, mazkur sessiya Samarqand viloyatini rivojlantirishning yangi bosqichini belgilab beradi. Chunki  qo‘yilgan vazifalar nafaqat yaqin istiqbolni, balki uzoq muddatli strategik maqsadlarni ham o‘z ichiga oladi. Asosiy maqsadlar esa o‘zgarmas: odamlarni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash. Shunday ekan, bu jarayonda nafaqat rahbar va davlat xizmatchilari, balki deputatlar hamda davlat hokimiyatining birdan bir manbai bo‘lgan xalqimiz ham Samarqandni eng namunali hududga aylantirishda faol bo‘lmog‘i lozim.

Azamat Pardayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati