578 27.11.2025
Samarqandning Pastdarg‘om tumanida o‘rganishlar olib borayotgan Sherzod To‘xtashevning “Guliston”, “Qoqsoy” va “Yangiavlod” mahallalari aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvlarda asosan ichimlik suvi muammosi ko‘tarildi. Masalan, “Qoqsoy”da 2018-yilda foydalanishga topshirilgan suv inshooti nosoz. “Usku” qishlog‘i aholisiga ichimlik suvi yetib ham bormagan. Ekinlarni sug‘orish uchun oqova suv ham yo‘q. Qishloq yonidan oqib o‘tuvchi kanaldan esa suv olish mumkin emas. Deputatga 55-sonli davlat bog‘chasi hamda 6-sonli maktabda isitish tizimi yaxshi ishlamayotgani bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi.
Qonunchilik palatasi vakilining maʼlum qilishicha, mahalliy deputatlar va masʼullar hamrohligida ichimlik suvi masalasi o‘rganildi. Aholi tarqoq holda yashayotgani uchun bu masala katta mablag‘ni talab etadi. Tumanning esa moliyaviy imkoniyati yetmaydi. Hozircha yagona yechim masalani davlat dasturiga kiritish bo‘lib qolmoqda.