Navoiy viloyati Maʼnaviyat va maʼrifat markazida bo‘lib o‘tgan partiyaning 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasida Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova so‘zga chiqib, yangi dasturda oilani mustahkamlash, ayollar va yoshlarga munosib sharoitlar yaratish masalalari alohida yo‘nalish sifatida belgilanganini taʼkidladi.
“Oila – muqaddas qo‘rg‘on”. Onalik, otalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, ayollar va erkaklar teng huquqli, deb eʼtirof etilishi, ularga jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda hamda barcha sohalarda teng huquq va imkoniyatlar berilishi partiyaning ustuvor maqsadlariga uyg‘undir.
– Partiya uchun oila qadriyatlar beshigi, vatan ichra vatandir, – dedi Feruza Muhammedjanova.
Taqdimot tadbirida viloyat Kengashi raisi Ilhom Rajabov ham so‘zga chiqib, milliy seriallar, tarixiy filmlar yaratish bilan bog‘liq masalalarda tegishli idoralar faoliyati hali ham qoniqarli emasligini, ishlab chiqarilayotgan kino mahsulotlarining mafkuraviy-badiiy darajasi juda past, ssenariynavislik, rejissyorlik va aktyorlik mahoratlari yetarli darajada emasligini taʼkidladi.
Kinoteatrlarda xorijiy kinofilmlarni o‘zbek tilidagi tarjima orqali namoyish etish bo‘yicha aniq talab belgilash, bu borada Madaniyat vazirligining tashabbuskorligini oshirish kerakligini qayd etdi.
– Partiyamiz mazkur muammolarga ham eʼtibor qaratgani holda yangi Saylovoldi dasturi loyihasida milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasini yaratish, o‘zbek tilidagi maʼlumotlar bazasini kengaytirish, har yili xorijiy tildagi mingta ilmiy adabiyotni davlat tiliga tarjima qilish, shuningdek, yuqorida sanalgan muammolar yechimiga qaratilgan boshqa qator takliflarni ilgari surayapti, – dedi Ilhom Rajabov.
Partiya faoli Anora Bobomurodova ziyoli sifatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi loyihasidagi har bir fuqaro davlat tilini bilishi, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan har qanday yuridik shaxsning barcha hujjatlari, tashqi yozuvlar davlat tilida yuritilishi bilan bog‘liq taklifni ko‘rib juda xursand bo‘lganini taʼkidladi.
Bunday taklif Davlat tilining nufuzini yanada oshirishga, kelajak avlodni bilimli, ziyoli, zukko, har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib tarbiya topishida ko‘maklashib, o‘z Ona tiliga bo‘lgan hurmat-eʼtiborini kuchaytiradi.