481 28.11.2025
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida milliy o‘zligimizni mustahkamlash, boy maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayonning eng muhim bosqichi, shubhasiz, qadriyatlarimiz beshigi hisoblanmish o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni jamiyat hayotining barcha jabhalarida to‘laqonli qo‘llanilishiga erishish eng muhim va asosiy vazifa sanaladi.
Lekin bunga to‘laqonli erishishimiz ancha qiyin kechmoqda. Yaqinda Toshkent shahridagi bir nechta maktabgacha taʼlim tashkilotida ro‘yxatdan o‘tish bilan bog‘liq jarayonda kuzatilgan holat bunga misol bo‘la oladi. Farzandini “onlayn” tizim orqali bog‘chaga joylashtirmoqchi bo‘lgan ota-onalar guruh nomlarining barchasi faqat rus tilida nomlanishi, o‘zbek tilidagi nom esa umuman yo‘qligiga guvoh bo‘ldim.
Bu holat oddiy texnik xato emas. Bu amaliyotda davlat tilining mavqei yetarli darajada taʼminlanmayotganidan dalolatdir. Albatta, poytaxtimizda turli millat vakillari istiqomat qiladi, ayniqsa, rusiyzabon aholining salmog‘i yuqori. Lekin bu holat davlat tilining ikkinchi darajaga tushishiga asos bo‘lmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunda davlat tilining maqomi aniq belgilab qo‘yilgan. Barcha nomlar, shu jumladan, maktabgacha taʼlimdagi guruhlar nomlari ham avvalo davlat tilida bo‘lishi shart.
Bola ilk bor bog‘chada jamiyatga kiradi, til muhitini his qiladi, atrofdagi belgilarni o‘rganadi. Guruhlarning nomlari oddiy yozuv emas, ular bolaning tilni qabul qilishiga, ota-onalarning tilga munosabatiga, tarbiyachilarning ish jarayoniga bevosita taʼsir qiladi. Agar guruhlar “Kolobok”, “Zvezdochka”, “Raduga” kabi nomlar bilan atalib, o‘zbek tilidagi nomlar umuman bo‘lmasa, bu bolada tabiiy til tabiatini ham o‘zgartirib yuboradi.
O‘zbek tilining jamiyatimizdagi mavqeini mustahkamlash, davlat muassasalari faoliyatida davlat tilidan to‘laqonli foydalanish milliy o‘zlikni tiklashning muhim shartidir. Shu nuqtai nazardan, maktabgacha taʼlim muassasalarida guruh nomlari boshqa tilda bo‘lishi bu nafaqat eʼtiborsizlik, balki davlat tiliga bo‘lgan hurmatsizlikdir.
Alisher ARIPOV,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i