“Alla – onalar qo‘shig‘i” aksiyasi g‘oliblari taqdirlandi


558     28.11.2025

Markaziy kengashda joriy yilning 27-noyabr kuni “Milliy o‘zlikni asrashda madaniy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida davra suhbati  bo‘lib o‘tdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Siyosatchi ayollar klubi” aʼzolari, taniqli folklorshunos olimlar, psixolog va pedagoglar ishtirok etgan tadbirda “Alla – onalar qo‘shig‘i” aksiyasi g‘oliblari partiya tomonidan Tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Maʼlumki, alla – xalqimizning milliy  qadriyati sifatida momolardan  maʼnaviy  meros bo‘lib kelayotgan  ko‘hna va navqiron qo‘shiq. U nafaqat uxlatuvchi kuy, balki millat tarbiyasining ilk bosqichi hamdir. Bu ilohiy qo‘shiq orqali ota-onaga,  Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ulari, komillik, insonparvarlik, ezgulik kabi insoniy fazilatlar go‘dakning ong ostiga  jo bo‘lib, umri mobaynida unga hamroh bo‘ladi, qalbida milliy g‘urur hissi uyg‘onadi. Alla bolaning xulq-atvori, ilk maʼnaviy tarbiyasini shakllantirishga, taʼbir joiz bo‘lsa, kelajagini belgilashga xizmat qiladi. Alla nafaqat go‘dakni, balki katta yoshdagi insonlarni ham birdek sehrlab qo‘yadi, yurakdagi mudroq xislarni, iliq xotiralarni uyg‘otib, qalblarga hayajon soladi.

So‘nggi yillarda oilalarda alla aytish udumi yo‘qolib, uning o‘rnini YouTube, TikTok, Instagram kabi platformalardagi o‘zga millatlarga xos maʼnaviy qiymatsiz qo‘shiqlar egallab borayotgani jamiyatdagi keng qamrovli madaniy, maʼnaviy hamda axloqiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq juda muhim masaladir. Bu holat farzand tarbiyasiga jiddiy xavf tug‘diradi. Jumladan, bolada quyidagi holatlar kuzatiladi: milliy ongning susayishi - o‘z ona tilidagi iboralar maʼnosini anglamaydi,  boshqa tillarning noo‘rin taʼsiri ortib boradi, maʼnaviy zaiflik - bola milliy kuyning ruhini his qila olmaydi, uning ruhiyatiga  o‘z ona tiliga  mehr, tilimizga xos musiqiy ohang emas, balki o‘zga millatlarning mantiqsiz  musiqalariga muhabbat tuyg‘ulari singadi, ruhiy beqarorlik - maʼnosiz, ahamiyatsiz  musiqalar taʼsirida  bolada  diqqatni jamlay olmaslik,  hatto agressiya holatlari ham kuzatilishi mumkin.

Millat tarbiyasidagi ana shu muhim jihatlarni inobatga olgan holda, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida oilaviy anʼanalar, axloqiy qadriyatlarni takomillashtirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash, alla va uning atrofida shakllangan milliy qadriyatlarni saqlash, yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy jihatdan barkamol etib tarbiyalashda onalarning masʼuliyatini oshirish, shuningdek, o‘zbek tili hamda milliy musiqamizning betakror jozibasini alla orqali bola ruhiyatiga singdirish, xalqimizning folklor sanʼatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Alla – onalar qo‘shig‘i” aksiyasi tashkil etildi va uning doirasida “Uyg‘otuvchi allalar” zamonaviy alla qo‘shiqlari to‘plami tayyorlandi.  

Aksiya doirasida milliy va zamonaviy ruhdagi alla mantlari hamda qo‘shiqlari (videolavha shaklida) tanlovi eʼlon qilindi. Ishtirokchilar tomonidan https://t.me/mtallalartanlovi botiga jami 368 ta ijodiy ishlar  kelib tushdi. Shulardan, 20 tasini MP3 formatdagi ovozli allalar, 133 tasini videolar, 173 tasini alla matnlari tashkil etdi. Hamkor tashkilotlar vakillaridan tarkib topgan Hakamlar hayʼati tomonidan ijodiy ishlar ko‘rib chiqilib, o‘nta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Eng sara alla matnlarini partiya tomonidan nashrga tayyorlanayotgan “Uyg‘otuvchi allalar” to‘plamiga kiritildi.