Yangiliklar


642   14-04-2023

Ichan-qalʼaliklar ham konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatladi

Xorazm viloyati:

Dunyoning 9 ta eng mashhur qalʼa shaharlari ro‘yxatiga kiritilgan Ichan-qalʼa Markaziy Osiyodagi eng yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. 26 gektarli qalʼada Xiva shahrining 80 foizga yaqin tarixiy yodgorliklari jam bo‘lgan. Ichan-qalʼada 2500 nafar aholi yashaydi va ular asosan hunarmandchilik hamda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish bilan band.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha Xorazmda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etayotgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari hamda partiya Markaziy kengashi vakillari Ichan-qalʼada ham bo‘lib, aholi bilan uchrashdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farida Afro‘z yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarga to‘xtalib, 61-modda mazmun-mohiyati haqida gapirdi. Jumladan, ushbu moddada fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shartligi, tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilanyapti.

– Quvonarli tomoni ushbu norma partiyamiz tashabbusi bilan kiritilgan, – dedi Farida Afro‘z.

Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova esa 53-modda haqida gapirib, har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi va intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi endi Konstitutsion norma bilan himoya qilinishini taʼkidladi.