Yangi dasturda hayot-mamot masalasiga ustuvorlik berilmoqda


153     29.08.2024

   Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi maktab-internatida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
   Tadbirda partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov so‘zga chiqib, Saylovoldi dasturning asosiy yo‘nalishlari, unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar mazmun-mohiyati haqida maʼlumotlar berdi.
   – Maʼlumki, taʼlim-tarbiya masalasi partiyamiz uchun eng ustuvor masala hisoblanadi. Shundan kelib chiqib yangi dasturda hayot-mamot masalasi hisoblangan maʼnaviy tarbiya va sifatli taʼlim masalalari asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.  Maqsad Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini teran anglagan holda hazrati insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun sharoitlar yaratishdir, – dedi Mirodil Abdurahmonov.
Inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun esa birinchi navbatda, taʼlim olishi, maʼnaviy, madaniy salohiyatini oshirib borishi, jismoniy kamolotga erishishdek fundamental huquq va erkinliklaridan to‘laqonli foydalanishi talab etiladi.
   Tadbirda partiya g‘oya va maqsadlariga xayrixoh bo‘lgan yoshlar ham so‘zga chiqib, dasturni yanada takomillashtirish, yoshlarga oid taklif va tashabbuslarni kuchaytirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.
   – Dastur loyihasi bilan tanishib chiqdim. Unda yoshlar kamoloti yo‘lida ilgari surilgan takliflar, shubhasiz, yoshlarning bir maqsad yo‘lida birlashishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, vatanparvarlik ruhida tarbiya topishi, eng asosiysi, qalbida shu yurt farzandi ekani hamda xalqimizning tarixi, boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Yoshlar parlamenti aʼzosi Bobur Ikromov.