681 05.12.2025
Markaziy kengashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan “Siyosatga marhamat” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir mehmoni o‘zbek mikrobiologi, nufuzli xalqaro tashkilotlar mukofotlari sovrindori, olima Dilfuza Egamberdiyeva bo‘ldi.
Maʼlumki, partiyaning Saylovoldi dasturida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, islohotlar jarayonidagi ishtirokini taʼminlash, oila instituti va qadriyatlarini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi doirasida qator qonunlar tashabbus qilindi. Jumladan, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “kvota”larni 30 dan dan 40 foizga oshirish, ularning mehnat huquqlarini yanada kuchaytirish maqsadida moslashgan ish tartibini joriy etish kabi takliflar shular jumlasidandir.
Partiya qoshida “Siyosatchi ayollar” klubi tashkil etilgan bo‘lib, xotin-qizlarning Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar ulushi 40 foizni tashkil etadi. “Ayollar qanoti” tuzilmasi ham bu borada samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur tuzilmalar tashabbusi bilan o‘tgan davr mobaynida jami 16 mingdan ortiq “Sayyor qabul” o‘tkazilib, 164 mingdan ziyod ayollar va fuqarolar qamrab olindi. 69 mingdan ortiq murojaatlar qayta ko‘rib chiqildi. Ayollarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 800 dan ortiq bepul kasb-hunar o‘quv kurslari tashkil etilib, 10 mingdan ortiq ayollar kasbga o‘rgatildi. Ulardan 600 nafari o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Kredit ajratish, bandlikka yo‘naltirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha minglab ayollarga ko‘mak berildi.
Shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy tafakkurini shakllantirish maqsadida so‘nggi 5 yilda “Siyosatga marhamat” siyosiy liderlarni tayyorlashga qaratilgan loyiha muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Loyihaning eʼtiborga molik jihati, respublikamizning eng chekka hududlarini ham qamrab olganidir.
Hisobot davrida deputat va senator ayollar ishtirokida 1950 ta mahorat darslari, shuningdek, partiya aʼzolari bo‘lgan rahbar ayollar ishtirokida 100 ga yaqin uchrashuvlar tashkil etilgan.