128 29.08.2024
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2025-2029-yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi loyihasi taqdimotiga bu safar Nukus shahri mezbonlik qildi.
Partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova ishtirokchilarni dastur loyihasi mazmun-mohiyati bilan tanishtirarkan, uni tayyorlashda davlatchiligimiz rivojining uch ming yillikdan ziyod tarixiy tajribasi, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosi, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Yangi O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish yo‘lidagi tub islohotlar asos bo‘lganini taʼkidladi.
– Ona vatanimiz – O‘zbekiston va barcha o‘zbekistonliklar, xorijda istiqomat qilayotgan, biz uchun doimo aziz bo‘lgan vatandoshlarimiz manfaatidan kelib chiqib, xalqimiz farovonligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, shu bilan birga fuqarolarimizni o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda, – dedi Feruza Muhammedjanova.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Tajibay Romanov ham so‘zga chiqib, qoraqalpog‘istonlik partiyadoshlar tomonidan ham dastur uchun ko‘plab takliflar berilgani va ular loyihadan joy olganini qayd etdi.
– Dasturda O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning o‘tmishi, madaniyati, urf-odatlari, anʼanalarini hurmat qilish bo‘yicha ham taklif va tashabbuslar ilgari surilganki, bu partiyamizning nafaqat milliy, balki umumbashariy qadriyatlar himoyachisi ekanidan dalolat beradi.
Taqdimot marosimida ishtirokchilarning saylovoldi dasturi bo‘yicha fikr-mulohazalari eshitildi. Yangi taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.