981 05.12.2025
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston islohotlari natijalari bugun barcha sohalarda namoyon bo‘lmoqda. Eng asosiysi, farovonlikka xizmat qilayotgan o‘zgarishlardan mamnun bo‘lgan xalqimiz mamlakat taraqqiyoti, yurt kelajagiga masʼulligini yurakdan his qilgan holda islohotlar jarayonida faol ishtirok etishga harakat qilyapti.
Mamlakatimizning ochiq va o‘zaro ishonch, tinchlik va totuvlik, do‘stona munosabatlar asosiga qurilgan siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilayotgani yangilik bo‘lmay qoldi. Buning oddiy isbotini eng rivojlangan davlatlarning O‘zbekiston bilan teng sheriklik asosida faol hamkorlik qilishga intilayotganida ham ko‘rish mumkin.
Albatta, bularning barchasi Konstitutsiyamizda belgilangan normalarga qatʼiy amal qilinayotgani bilan bog‘liq. Bosh Qonunimizning o‘ttiz uch yilligi bayrami “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanayotgani ham bejizga emas.
Taʼkidlash lozim, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada avvalgisidan farqli ularoq tadbirkorlikni rivojlantirish va buning uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ham normalar belgilangani yurtimizda ushbu sohani rivojlantirishni strategik vazifaga aylantirdi. 65-moddada halol raqobat, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligi kafolatlanishi, xususiy mulk daxlsizligi yoki 67-moddada davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil tanlashga haqliligi bilan bog‘liq normalar shular jumlasidandir.
Mana natijalar: birgina o‘tgan yili 80 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil etilib, ularning umumiy soni 456 mingtaga yetdi. Mehnatga layoqatli aholining 11 millioni, yaʼni 74 foizi ham aynan shu sohada band qilingan. Xususiy biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulashi esa 54,3 foizdan oshdi.
O‘tgan yili Konstitutsiyaviy normalar asosida tadbirkorlar faoliyati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan 5 ta qonun, 101 ta farmon va qarorlar qabul qilindi va bu bilan biznes ishiga hech kim aralashmaydigan darajadagi huquqiy asoslar yana-da mustahkamlandi. Sodda qilib aytganda, biznes bilan bog‘liq muammolar “kabinet”larda emas, ochiq muloqotlar orqali hal qilinadigan tizim yaratilda. “Tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – soliq to‘laydi”, degan qarash bilan ish yuritib bo‘lmasligi amalda isbotlandi. “Soya”da ishlayotgan tadbirkorlarda qonuniy faoliyat yuritish afzal ekan, degan qarashlar shakllandi.
Natijada o‘tgan yili ro‘yxatdan o‘tmay ishlayotgan 60 mingdan ortiq tadbirkor faoliyati qonuniylashtirildi. 139 mingta korxonada ish o‘rinlari 811 mingtaga ko‘paydi. 273 mingta korxona ish haqi fondini 22 foizga oshirdi. Bu o‘zgarishlar, albatta, Konstitutsiyaga “adolatli soliqlar” atamasining kiritilishi bilan ham bog‘liq.
Demak, yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, insonparvar davlatning strategik dasturi vazifasini o‘tayotgan Konstitutsiyamiz har birimiz uchun hayotimizning dasturulamali bo‘lishi lozim. Shundagini barchamiz orzu qilgan Yangi O‘zbekistonga erishamiz.
Go‘zal SAMIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palaatsi deputati