Ikkinchi imkoniyat


638     10.12.2025

O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilingan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarini amalda mustahkamlashning yaqqol timsolidir.

Ushbu farmon bilan 615 nafar shaxs afv etildi. Bu raqamlar ortida inson taqdiri, oilalarning kelajakka bo‘lgan umidi va yoshlarning yangi hayotga intilishi mujassam. Statistikaga ko‘ra, 220 nafar asosiy jazodan to‘liq, 123 nafari esa shartli ravishda ozod etildi. 97 nafarning jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi hamda 175 nafar shaxsning jazo muddati qisqartirildi.

Afv etilganlar orasida 29 nafar ayol, 23 nafar keksalar, 264 nafar yoshlar va chet el fuqarolari ham bor. Bu holat farmonning asosiy maqsadi – xato qilgan, ammo xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqargan shaxslarga ikkinchi imkoniyat yaratishdir.

Afv faqat jazoni yengillashtirish emas. Bu – oilalarning tiklanishi, farzandlarning ota-onalar bag‘riga qaytishi, yoshlar uchun taʼlim olish va mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyati. Farmonda shuningdek, afv etilganlarni hayotga moslashtirish, psixologik yordam ko‘rsatish, ish bilan taʼminlash va sog‘lom turmush tarziga qaytarish choralari ham belgilangan.

Har bir inson xato qilishi mumkin, lekin muhimi xatosini anglab, to‘g‘ri yo‘lga qaytishdir. Afv etilgan insonlarga ishonch bildirish, ularni jamiyatga qaytarish demokratik jamiyatning eng yuksak fazilatidir. Shu bois, mahalla, jamoatchilik va siyosiy partiyalar ham bu jarayonda faol ishtirok etishi, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashishi zarur. Shu maʼnoda, ushbu farmon nafaqat afv, balki insonparvarlik, birdamlik va ijtimoiy adolat timsoli sifatida ham muhimdir.

 

Shavkat Ro‘zmetov,
partiya Markaziy kengashi mas'ul xodimi