621 12.12.2025
“Milliy tiklanish”ning navbatdagi kitoblar karvoni Toshkent viloyatining Angren shahridagi 14-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga yetkazib berildi. Loyiha doirasida “Bolalar kitobxonligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida ochiq muloqot ham tashkil etildi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, inson umri davomida oladigan asosiy maʼlumotlarning 80 foizini maktabgacha bo‘lgan yoshida olar ekan. Shuning uchun ham dunyodagi eng ko‘p kitob o‘qiladigan davlatlarda bolalarni kitob bilan tanishtirish davri 3 yoshgacha etib belgilangan. Chunki mutolaani erta boshlash, yaʼni 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga rangli, rasmli, matnsiz yoki qisqa matnli kitoblar, interaktiv nashrlar o‘qib berilishi ularning aqliy va hissiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatar ekan. Har bir yosh guruhi uchun mos kitob tanlash esa o‘qish jarayonini yanada maroqli, yoqimli va samarali bo‘lishini taʼminlaydi.
Ana shu muhim jihatlar eʼtiborga olingan holda, partiya tashabbusi bilan dasturiy vazifalardan kelib chiqib, “Milliy tiklanish” kutubxonalari tashkil etilyapti, “Bolangiz bilan kitob o‘qing” loyihasi doirasida “Mening birinchi kutubxonam” aksiyasi amalga oshirilmoqda. Jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari kutubxonalari fondini boyitishga hissa qo‘shish, oilaviy kitobxonlikni targ‘ib etish, mutolaani yanada qiziqarli, zavqli va maroqli qilish maqsadida bolalar adabiyotlari yosh toifalariga ajratilib, O‘zbekistonda ilk bor 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarga o‘qish uchun tavsiya etiladigan 150 ta adabiyotlar ro‘yxati shakllantirildi va OAVda eʼlon qilindi.
Ayni kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazlari, noshirlar, bolalar kitobxonligini rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borgan pedagog va psixologlar bilan hamkorlikda tayyorlangan mazkur ro‘yxatdagi adabiyotlarning qisqacha videosharhlari yaratilmoqda. Loyihasi doirasida partiya hamda Yoshlar ishlari agentligining “Mutolaa” loyihasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi ham imzolangan.
Feruza JALILOVA,
partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i