Uchinchi Renessans konsepti orqali yangilanayotgan O‘zbekiston


556     13.12.2025

Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ayniqsa, maʼnaviy-maʼrifiy jabhada kechayotgan keng qamrovli yangilanishlar xalqaro maydonda yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lmoqda. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar faqat iqtisodiy islohotlar bilan cheklanibgina qolmay, balki jamiyatning maʼnaviy va xalq tafakkurining yuksalishiga asoslangan strategiyani ham o‘zida mujassam etmoqda.

Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli kitobi Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlar xorij jurnalistining nigohi orqali o‘rganish imkonini beradi. Urdu tilida yozilgan ushbu kitob Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyatini badiiy va publitsistik ruhda ochib beradi.

Muallif asarda O‘zbekistonning so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlari tizimli va uzviy holda rivojlanayotganini alohida qayd etadi. Bu jarayonlar tinchlik, maʼrifat, muloqot, hamkorlik va taraqqiyot kabi qadriyatlarga tayangan holda jamiyatni yangilash, fikr erkinligini kengaytirish va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilayotganini bildiradi.

Xalqaro hamjamiyat kuzatuvida O‘zbekistonning ochiqlikka intilishi, mintaqaviy va global hamkorlikdagi faol pozitsiyasi, tizimli va konseptual islohotlari yuqori baholanayotganiga eʼtibor qaratadi.

Bugungi yutuqlar zamirida davlat rahbarining qatʼiy irodasi, uzoqni ko‘zlagan strategik qarashlari va islohotlarga sodiqligi bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi, xalqimizning birdamligi turgani, ertamiz uchun masʼuliyat va taraqqiyotga bo‘lgan ishonch mamlakatimiz rivojlanishining har bir bosqichida asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotganini taʼkidlaydi.

 

Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati