Erta nikoh – kelajakka xavf
463 15.12.2025
[{"id":873,"news_id":"1100","img":"1765792592.jpg","created_at":"2025-12-15 14:56:32","updated_at":"2025-12-15 14:56:32"},{"id":874,"news_id":"1100","img":"1765792598.jpg","created_at":"2025-12-15 14:56:38","updated_at":"2025-12-15 14:56:38"},{"id":875,"news_id":"1100","img":"1765792604.jpg","created_at":"2025-12-15 14:56:44","updated_at":"2025-12-15 14:56:44"},{"id":876,"news_id":"1100","img":"1765792614.jpg","created_at":"2025-12-15 14:56:54","updated_at":"2025-12-15 14:56:54"},{"id":877,"news_id":"1100","img":"1765792620.jpg","created_at":"2025-12-15 14:57:00","updated_at":"2025-12-15 14:57:00"}]
Markaziy kengashda “Erta nikoh - kelajakka xavf: voyaga yetmaganlarni himoya qilishda oila va jamiyatning o‘rni” mavzusidagi davra suhbatida tashkil etildi. Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, davlat tashkilotlari, NNT va taʼlim muassasalari vakillari hamda psixolog va huquqshunoslar ishtirokida o‘tgan tadbirda erta nikoh va voyaga yetmagan qizlarni unashtirish holatlari ko‘plab ijtimoiy muammolarga sabab bo‘layotgani, xususan, qizlarning taʼlimdan uzilishi, ularning kelajakda barqaror oila qurish imkoniyati pasayishi, reproduktiv salomatligi, psixologik bosim va zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolar atroflicha muhokama qilindi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida erta nikohning oldini olish, voyaga yetmagan qizlarni unashtirish yoki “og‘iz solish” bilan bog‘liq salbiy udumlarning oldini olishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, “Erta turmush – qadriyat emas!” loyihasi ishlab chiqildi va uning doirasida joylarda vakillik organlari ishtirokida nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida jami 144 ta o‘rganish, 55 ta targ‘ibot aksiyalari tashkil etildi va natijada yurtimizning baʼzi hududlarida erta turmush qurish ko‘rsatkichlari yuqorilagani aniqlandi.
O‘rganishlar davomida erta nikoh qurish anʼanalarimizga singib ketgani va bu tabiiy holat deb qabul qilinishi, erta nikohlarning asosiy tashabbuskori onalar va keksalar ekanligi hamda ularning yoshlar baxtini ko‘rib qolish istagi, ota-onaning qizini yaxshi joyga uzatish xohishi, qizlarning o‘z huquqlarini bilmaslik, oilada ilm olish, o‘qish istagi pastligi, voyaga yetmagan qizlarning homiladorlik holatlari, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va javobgarlikka oid normalarning tatbiq etilishi va qo‘llanilishida amaliyot nuqtai nazaridan “ishlamaydigan” normalar mavjudligi erta nikohlarga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bolaning ruhiyatiga hamda tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi, axloqsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotlarning bir necha karraga ko‘paygani va aksariyat holda voyaga yetmagan bolalarning “erta uyg‘onishiga” ham olib kelmoqda.
So‘zga chiqqanlar joylarda voyaga yetmagan qizlarni unashtirish, erta nikoh, erta tug‘uruqlarning oldini olishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlarga qaramay, bunday salbiy illatlar hamon uchrayotgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, erta nikohlarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni kengaytirish, bu borada ota-onalar masʼuliyatini oshirish, taʼlim muassasalarining tarbiyaviy vazifalari hamda mahallalardagi profilaktik ishlarni yanada jonlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Jumladan, Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova so‘zga chiqib, erta nikohlarning oldini olishda mahalla idoralarining roli ko‘rinmayotganini taʼkidladi.
– Mahallada qaysidir oilada voyaga yetmagan qiz uzatilayotganidan mahalla raisining xabari bo‘lmasligi mumkin emas, – dedi F. Muhammedjanova.
Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputati Gulbahor Qulmatova esa ajrimlar haqida gapirib, bunda bosh “rol”ni qaynonalar o‘ynayotganini qayd etdi.
– “Men”i ustun bo‘lgan ayrim qaynonalar yoshlarni o‘z holiga yashashga qo‘ymayapti. Yoshlarning ham o‘z qarashlari borligini unutib, chizgan chizig‘idan yurishga majbur qilmoqda va bu ajrimlarga sabab bo‘lmoqda, – dedi depetat.
Maʼlumki, amaldagi qonunchiligimizda nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Lekin erta nikohni hamda nikoh oldi marosimi o‘tkazishni targ‘ib qilganlik uchun javobgarlik masalasi eʼtibordan chetda qolgan. Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda, tadbir ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonunchilikka qo‘shimchalar kiritishga oid takliflar ham ilgari surildi.
Hamdam Niyozov