Tinchlik va ishonch ne’mati


624     16.12.2025

Bugungi global murakkablik, davlatlar o‘rtasida ishonchning zaiflashuvi va turli mintaqalarda mojarolar kuchayib borayotgan bir paytda tinchlik va ishonch g‘oyalari insoniyat taraqqiyotining eng dolzarb talabi sifatida kun tartibining birinchi qatoridan joy olmoqda.

Shu yil 12-dekabr kuni Ashxobodda o‘tgan “Tinchlik va ishonch” Xalqaro forumida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar bu borada mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli diplomatik yondashuvning mantiqiy davomidir.

Davlatimiz rahbarining nutqi nafaqat ikki qardosh mamlakat — O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi siyosiy yaqinlikni, balki Markaziy Osiyodagi tinchlikparvar siyosatning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ham yaqqol namoyon etdi.

Nutqda Turkmanistonning 30 yillik doimiy betaraflik modeli alohida e’tirof etilib, Turkmanistonning betarafligi mintaqadagi barqarorlikning muhim ustuni ekanligi qayd etildi. Ushbu model suverenitetni hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, tinchlik va diplomatiyaga tayanish kabi prinsiplarga asoslanadi. Bu qarashlar Markaziy Osiyoni barqaror, birdam mintaqaga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Turkmanistonning BMT bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari, xususan, Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazining Ashxobodda joylashgani, mintaqaviy xavfsizlik arxitekturasida yuksak ahamiyatga ega.

Prezidentimiz Turkmanistonning bu yo‘nalishdagi siyosatini “ijobiy betaraflik falsafasi” sifatida ta’rifladi. Bu falsafa nafaqat tarixiy, balki zamonaviy geosiyosiy muhitda ham amalda o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi fundamental yo‘nalishlarini alohida ta’kidladi. Jumladan, O‘zbekiston oxirgi yillarda tashqi siyosatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, global muloqotga intiluvchi faol ishtirokchiga aylandi. Mamlakatimiz "birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi"ni ilgari surib, global xavfsizlik va farovonlik masalalarini muloqot orqali hal qilishni maqsad qilgan. Shu o‘rinda, global muammolarni inson qadrini yuksaltirish, o‘zaro hurmat va ishonchga tayangan holda hal etish zarurligi urg‘ulandi.

Bu qarashlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirib, uni tinchlik, diplomatiya va hamkorlik platformasini qurishga qodir davlat sifatida namoyon etmoqda.

Prezidentimizning nutqida eng muhim siyosiy nuqtalardan biri — O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi doirasida 2027-yilni “Preventiv diplomatiya yili” deb e’lon qilish tashabbusi bo‘ldi. Bu tashabbus xalqaro mojarolarni oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish, davlatlar o‘rtasida ishonchni oshirish, yoshlarni tinchlik jarayoniga jalb qilish, BMT institutlari bilan amaldagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir. Zero, O‘zbekiston bu tashabbus orqali global siyosatda faol, mas’uliyatli aktor sifatida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.

Prezidentimiz Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlari va mintaqaviy muloqotning yangi bosqichini alohida ta’kidladi. Xususan, Toshkentda o‘tgan yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaning siyosiy birdamligini mustahkamlagani, iqtisodiy integratsiya va transport bog‘liqlikni oshirish bo‘yicha rejalar, Turkmanistonning Orol muammosini hal etishdagi faol ishtiroki e’tirof etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch, qo‘shnichilik va pragmatik hamkorlikning kuchayishi mintaqani barqarorlik omili sifatida jahon siyosiy xaritasida mustahkamlamoqda.

Davlatimiz rahbarining “Madaniyatlar muloqoti” xalqaro forumini Toshkentda o‘tkazish tashabbusi tinchlikni faqat siyosiy maydonda emas, balki madaniy-gumanitar muhitda ham mustahkamlash zarurligini ko‘rsatadi.

Umuman aytganda, Ashxobod forumida davlatimiz rahbari O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi faol rolini, global va mintaqaviy tinchlik jarayonlariga strategik qarashini, insonparvarlik va ishonchga asoslangan muloqot diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqdi.

Tinchlik va ishonch — bugungi kunda faqat siyosiy shior emas, balki davlatlar qarori va inklyuziv diplomatiyaning asosi. O‘zbekiston esa bu yo‘lda o‘zining aniq takliflari, aniq rejalari va amaliy tashabbuslari bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin tutmoqda.

 

 Jumanazar OTAJONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati