97 30.08.2024
Shu kunlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining hududiy tashkilotlari Konferensiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filalida ana shunday tadbirlardan biri o‘tkazildi va unda partiyaning Xorazm viloyati Kengashi faoliyati tanqidiy-tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Shuningdek, 27-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga o‘tkaziladigan saylovda partiyaning munosib ishtirokini taʼminlash, partiyaning navbatdagi IX Qurultoyiga delegatlar saylash masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Konferensiyada kengash raisi Rashid Ro‘ziboyev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni viloyat partiya tashkiloti faoliyati bilan tanishtirdi. Partiyaning muhim siyosiy jarayon – saylovlarda munosib ishtiroki bo‘yicha qilingan va qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga to‘xtaldi.
– Pirovard maqsad saylovda eng yuqori natijaga erishish ekan, buning uchun kuchlarni birlashtirib, partiyamiz maqsad-vazifalari, g‘oyalarini keng targ‘ib qilib, bu jarayonda faol ishtirok etishimiz lozim, – dedi R.Ro‘ziboyev.
Konferensiya kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Maʼlumotlarga qaraganda, xorazmlik partiyadoshlar ham Yangi O‘zbekiston islohotlarida faol ishtirok etib, o‘z elektorati va saylovchilari ishonchini oqlashga harakat qilmoqda. Bugun hududda “Milliy tiklanish” tarafdorlari soni 50 mingga yaqinlashgan bo‘lib, mahalliy Kengashlarda 88 nafar deputat faoliyat ko‘rsatyapti.