769 16.12.2025
Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda asosiy eʼtibor suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, moddiy-texnik taʼminoti, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda va bu o‘zining natijalarini bermoqda.
Jahon banki maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan bir kishiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat dunyodagi o‘rtacha darajadan 4,4 baravar yuqori bo‘lib, bu agrar sektorning samaradorligi va uning unumdorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Paxtachilikda joriy yilda 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi, hosildorlik ilk bor 46 sentnerga yetdi. G‘allachilikda ham yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratildi, o‘rtacha hosildorlik 85 sentnerga yetdi. Har bir gektar yerdan 100 sentnerdan hosil olindi. Suv masalasi dolzarb bo‘lgan hozirgi davrda fermerlar tomonidan sholining o‘zida 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiya joriy qilingani, 45 ming gektarda sholini ko‘chat usulida ekkani uchun 350 million kub metr suv tejaldi.
Yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga o‘sib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshadi. Mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarimiz kirib borgan davlatlar soni 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi.
Albatta, qishloq xo‘jaligi sohasida oson va yengil yilning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajribani talab etadi. Bugungi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini ham yaqqol ko‘rsatib beryapti. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish, ilg‘or yondashuvlarni joriy etish eng muhim masalaga aylandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-dekabr kuni Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni arafasida soha vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotida ham qishloq xo‘jaligi sohasini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat yetishtirishni ko‘paytirish, fermer, klaster hamda kooperatsiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga har doimgidan ham ko‘proq eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuvda soha vakillari oldiga muhim vazifalar belgilandi. Xususan, yangi agrotexnologiya yordamida paxta yetishtirishni kelgusi yilda ommalashtirib, 891 ming gektarda to‘liq shu sxema bo‘yicha paxta yetishtirish, ko‘sak qurti, gerbitsid, sho‘r va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra ko‘paytirilib, 500 ming gektarga olib chiqilish, “Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekilishi, buning uchun dalalarda tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilishi maʼlum qilindi. O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard so‘m berilishi, bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya ajratilishi kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.
Yurtboshimizning “Mirishkor dehqon va fermerlar, suvchi va irrigatorlar, mexanizator va agronomlar, agrar tarmoq olimlari dunyodagi eng sharafli kasb egalaridir. Bu sohaning mehnati qanchalik sharafli, noni esa, qanchilik totli va shirinligini hamma yaxshi biladi. Dehqon deganda, bepoyon dalalar, bog‘lar, dasturxondagi turli noz-neʼmatlar, to‘yu-tomosha, xursandchilik kunlarimiz, butun hayotimiz ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi” deb taʼkidlagani soha vakillarining mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi. Bu eʼtirof, shubhasiz, soha vakillarini xalqimiz dasturxoni to‘kinligini taʼminlashda yanada masʼuliyatli bo‘lishga undash bilan birga, yangi yuksak marralar sari yetaklaydi.
Nigora LUTFULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi aʼzosi