Qoraqalpog‘istonning madaniy durdonalari YUNЕSKO e’tirofiga sazovor bo‘ldi: o‘zligimizni ko‘z qorachig‘idek asrayapmiz


734     17.12.2025

Bugun biz – Qoraqalpo g‘istonliklar asrlar osha ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan bebaho madaniy qadriyatlarimizning xalqaro miqyosda tan olinganini va YUNЕSKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilganini ko‘rib, cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘usini his qilyapmiz.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi va Jo‘qorg‘i Kenges deputati sifatida ushbu voqea nafaqat qoraqalpoq xalqi, balki butun O‘zbekistonimiz uchun katta yutuq ekanini ta’kidlamoqchiman.

Joriy yilning dekabr oyida Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitaning 20-sessiyasi haqiqatda ham ko‘p millatli O‘zbekistonimiz uchun muhim voqealarga boy bo‘ldi.

Quvonarlisi, jonajon yurtimizning ikkita betakror madaniy durdonasi — qoraqalpoq xalqining milliy musiqa madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan «Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati» hamda ularning ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan milliy urf-odatlarimiz va bunyodkorlik madaniyatini o‘zida mujassam yetgan «Qora uy» (o‘tov) qurish an’analari YUNЕSKOning yuqori xalqaro ro‘yxatlariga kiritildi.

Ya’ni, «Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati» zudlik bilan muhofaza qilishga muhtoj bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, ikkinchisi «Qirg‘iz, Qozoq va Qoraqalpoq o‘tovlarini barpo etishga oid an’anaviy bilim va ko‘nikmalar» nomli umumiy nominatsiya doi rasida Reprezentativ ro‘yxatga kiritildi. Bu nafaqat Qoraqalpog‘iston xalqining ming yillik tarixi, balki butun O‘zbekistonning boy ma’naviy va madaniy merosining xalqaro e’tirofidir.

Bu – ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan qadriyatlarning naqadar teranligi, ma’naviy merosimizning buyuk qudrati va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning yorqin tasdig‘i hamdir. Ma’lumki, har bir madaniyat elementi, har bir an’ana o‘zimizga xosligimiz, milliy o‘zligimizni belgilovchi muhim omil hisoblanadi.

«Qora uy»ning qurilishiga oid bilim va ko‘nikmalar ham qoraqalpoq xalqining bunyodkorlik madaniyati, uy-joy qurilishi va me’morchilik bilimlari jamlangan noyob madaniy merosdir. Uning 6, 8, 12 qanotli bo‘lishi va boshqa xalqlar o‘tovlaridan o‘ziga xos tarzda ajralib turishi, uni YUNЕSKO ning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritishga asos bo‘lgan.

Shu bilan birga, qo‘bizning an’anaviy epik dostonlarini ijro etishdagi roli, jamiyatda birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ham uning zudlik bilan muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritilishiga sabab bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu san’at turlarini ilmiy o‘rganish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining dasturlarida ham milliy qadriyatlarni, madaniy merosni asrab-avaylash, uni targ‘ib qilish va yosh avlod ongiga singdirish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashriflari chog‘ida ham qoraqalpoq xalqining noyob madaniy merosini asrash, rivojlantirish va jahon miqyosida targ‘ib qilishga qaratilgan vazifalar belgilangan edi. Bugunga kelib, ana shu yo‘nalishdagi amaliy ishlar mana shunday ijobiy natijalarga olib kelayotgani bizni quvontiradi, albatta.

Bu shubhasiz, O‘zbekiston xalqining, ayniqsa, madaniyatimizga daxldor kishilarning g‘alabasidir! Ishonchim komilki, bunday e’tiroflar bizning sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytiradi.

Biz esa o‘zligimizni va boy qadriyatlarimizni asragan holda, navbatdagi cho‘qqilar sari qadam tashlashda davom etamiz.

 

Tajibay ROMANOV,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi,
Jo‘qorg‘i Kenges deputati
"Milliy tiklanish" gazetasining 2025-yil 17-dekab sonidan olindi