819 17.12.2025
“O‘zbekiston: uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli kitob qo‘limga tegishi bilanoq uni hafsala bilan o‘qishga tutindim. Asarning debochasiyoq uning samimiy, teran va xolisona mezonlar asosida yozilganini ko‘rsatdi. Uni o‘qish asnosida ko‘nglimda paydo bo‘lgan hayajon va faxr hislarini ta’riflab berish qiyin. Chunki biz har kuni guvoh bo‘layotgan, ba’zan odatiy holdek qabul qilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar muallif tomonidan teran mushohada, samimiyat hamda chuqur falsafiy yondashuv bilan yoritilgan.
Muallif O‘zbekistondagi islohotlarni zamonaviy siyosiy jarayonlar bilan cheklab qo‘ymaydi. U uchinchi Renessans g‘oyasining ildizlarini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar yashab ijod qilgan yurtning ko‘p asrlik ma’naviy, ilmiy va madaniy merosi bilan bog‘laydi. Uning fikricha, bugungi taraqqiyot tasodifiy emas, balki boy ma’naviy ildizga ega tarixiy jarayondir. Yangi O‘zbekiston ana shu ma’naviy buloqdan kuch olgan holda global chaqiriqlarga zamonaviy yechim taklif etib kelmoqda.
Kitobni o‘qish jarayonida Muhammad Abbos Xonning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaxsiyatidagi insonparvarlik fazilatlariga berilgan urg‘u meni chuqur ta’sirlantirdi. Keyingi to‘qqiz yilni sarhisob etsak, mamlakatimizda qabul qilingan har bir qaror, har bir Farmonda faqat va faqat odamlarni o‘ylab, aholiga qulaylik hamda yanada ko‘p yengilliklar yaratish maqsadi mujassamligini yana bir bor angladim. Bu islohotlar butun mohiyati bilan “inson qadri” degan ulug‘ g‘oyaga asoslangan.
Asarning yana chuqur taassurot qoldirgan jihatlaridan biri undagi taniqli siyosatchi va davlat arbobi, Pokiston Bosh vaziri janob Muhammad Shahboz Sharifning samimiy so‘zlari va mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev haqidagi fikrlari bo‘ldi.
“Mazkur kitob qadrdon do‘stim, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini yaratish tashabbusini, uning g‘oyaviy konsepsiyasini chuqurroq anglashga yordam beradi. O‘zbek xalqining buyuk ajdodlari ma’naviy merosiga tayangan holda bu ulug‘vor g‘oya butun bashariyatning farovon kelajagiga xizmat qilishi shubhasizdir”, deya ta’kidlaydi u.
Umuman, bu asar yurtimizdagi islohotlar haqida atroflicha tasavvur beradi, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan uchinchi Renessans g‘oyasining mohiyati umuminsoniy taraqqiyotga qaratilgan ochiq, ma’rifiy va inson qadrini ustuvor qo‘ygan siyosat bilan chambarchas bog‘liq. Kitob muallifi bu g‘oyaning ildizlarini o‘tmish merosi, ayniqsa, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ma’naviy boylik bilan uyg‘un holda talqin qilgani o‘quvchida chuqur hurmat uyg‘otadi.
Asarning nomidan ham bilinib turibdiki, u keyingi ming yillik davomida butun dunyoga ma’rifat, ziyo ulashgan, IX – XIII va XIV-XV asrlarda bo‘lib o‘tgan ikki Uyg‘onish davrining mantiqiy davomi bo‘lgan uchinchi Renessans va uning yurtimizda yaratilgan mustahkam poydevori haqida. Muallifning o‘zi ham buni shunday ifodalaydi: “Uchinchi Renessans g‘oyasi – vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyadir. Mening nazdimda, mazkur g‘oya inson tafakkurining bemisl ummoniga quyiluvchi qudratli daryoga o‘xshaydi. Fikrimcha, bu g‘oya nafaqat O‘zbekiston kelajagi uchun asos, balki yangi, yanada uyg‘un va samarali dunyoni shakllantirishning innovatsion modeli hamdir”.
Bu kitobning ahamiyati shundaki, u uchinchi Renessans g‘oyasini faqat ichki siyosiy tushuncha doirasida qoldirmay, uni xalqaro miqyosda tushuntirish va targ‘ib etish vositasiga aylantiradi. Xorijlik yozuvchining xolis nazari bilan yozilgan asar O‘zbekistonning islohot yo‘lini o‘zi uchun rivojlanish modeli sifatida qabul qilayotgan boshqa mamlakatlar uchun ham qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Qobul TURSUNOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 16-dekabr sonidan olindi