521 18.12.2025
Tokio shahri 19-20-dekabr kunlari “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitini qabul qilishga tayyorlanmoqda. Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi bu uchrashuvga katta umid bog‘lagan. Xususan, noyob metallar, uran, gaz va boshqa resurslarga boy mintaqa bilan aloqalarni chuqurlashtirish, iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash hamda dekarbonizatsiya texnologiyalaridan tortib, infratuzilma qurilishigacha bo‘lgan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Sammit doirasida Yaponiya hukumati rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi. Yaponiya ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, oldinda turgan tarixiy sammit ortida chuqur geopolitik manfaatlar yotibdi. Tokiodagi uchrashuv bir necha asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradigan muhim voqea bo‘ladi. Bu mintaqada Yaponiya ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yaqin hamkorlik uzilishlarga barham beradi
Aytish joizki, Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik Yaponiyaga foydali qazilmalar manbalarini diversifikatsiya qilish va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlarning oldini olish imkonini beradi.
Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri iqtisodiy hamkorlik, infratuzilmani rivojlantirishdagi ko‘mak va “inson xavfsizligi” konsepsiyasiga asoslangan. Ushbu davlat sifatli infratuzilma, texnologiyalar transferi sohasidagi sheriklikni rag‘batlantiradi, inson kapitalini rivojlantirish sohalarida ko‘mak ko‘rsatadi, shuningdek, mintaqada ishonchli munosabatlarni o‘rnatishga intiladi.
Yaponiya mintaqada anchadan buyon yaxshi obro‘ga va ilgari innovatsiyalar hamda inson kapitali hisobiga kuchli texnologik sakrashga erishgan davlatning ijobiy imijiga ega. Qolaversa, bu davlatning ayrim yirik mamlakatlardan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo mintaqasida “buyuk davlatchilik” geosiyosiy ambitsiyalari yo‘q. Bularning barchasi ta’lim, ilmiy, axborot hamda madaniy-gumanitar sohalarda “yumshoq kuch”ni amalga oshirish uchun yaxshi asos yaratadi.
Bundan tashqari, Yaponiya ikki tomonlama munosabatlarni qurishdan tashqari, ko‘plab ichki muammolarni – ekologiyadan tortib suv resurslarigacha birgalikda hal etish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni faollashtirishga doim ko‘proq qiziqish bildirgan. Markaziy Osiyo davlatlari jahon iqtisodiy jarayonlarining xomashyo periferiya zonasida qolib ketmaslik uchun mintaqaviy kooperatsiyani kuchaytirishi kerakligi anchadan buyon ravshan.
Markaziy Osiyoda turli sohalarda yaqinroq hamkorlikni qayta jonlantirishga umid paydo bo‘lmoqda va Yaponiya bu yerda turli mintaqaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali faol ishtirok etishi mumkin.
Dolzarbligi oshayotgan tashabbus
Markaziy Osiyo mamlakatlariga xomashyoga yo‘nalganlikdan voz kechish uchun yuqori texnologiyalar va bilimlarga ega bo‘lish zarur. Qolaversa, 2016-yildayoq Yaponiya “ilg‘or muhandislik ta’limi tajribasi asosida Markaziy Osiyoda sanoat inson resurslarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan edi.
Mazkur tashabbusning dolzarbligi hozirda yanada oshgan. Agar Markaziy Osiyo davlatlari ochilgan imkoniyatlar oynasidan foydalanib, o‘zlarining xomashyoga asoslangan iqtisodiyotlarini so‘zda emas, balki amalda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda inson kapitalining o‘sishi hisobiga qayta qursa, kutilgan natijalarni beradi.
Ish sifatini yaxshilash nuqtayi nazaridan olib qaraganda, yaponcha biznes yuritish tamoyillaridan biri shuni ko‘rsatadiki, biznesning hozir qayerda ekanligi emas, balki u qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani muhim. Va bu yo‘nalishda sun’iy ravishda yaratilgan to‘siqlar qancha kam bo‘lsa, Markaziy Osiyoda “yapon sakurasi gullashi” uchun imkoniyatlar shuncha ko‘p bo‘ladi.
Shu bilan birga, Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Bu mintaqani Yaponiyaning 2023-yilgi “Diplomatiya bo‘yicha moviy kitobi”ga mamlakat tashqi siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kiritilgani, shuningdek, yaqinlashib kelayotgan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammiti bilan tasdiqlanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari esa, o‘z navbatida, Yaponiyaga mintaqadabarqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shayotgan strategik muhim hamkor sifatida qaraydi. Bu pozitsiya bir qator asosiy omillar bilan izohlanadi. Jumladan, mintaqa davlatlari mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab Yaponiya infratuzilma loyihalarini amalga oshirish doirasida va OESR, YETTB, OTB kabi xalqaro tashkilotlar hamda moliyaviy tuzilmalarda samarali hamkorlik qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini rivojlantirishda qo‘llab quvvatlab kelmoqda.
Ilmiy-texnologik salohiyat va transport logistikasi
Rasmiy Tokio mintaqaga nisbatan o‘z siyosatida tenglik, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish prinsiplariga asoslanadi hamda hamkorlik uchun asossiz siyosiy shartlar qo‘ymaydi. Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda, bugungi kunda dunyoda yetakchilardan biri hisoblangan Yaponiyaning ilmiy texnologik salohiyati katta qiziqish uyg‘otadi.
Qolaversa, tomonlarni transport logistika sohasidagi hamkorlik ham qiziqtiradi. BMTning baholashiga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyoda yuk tashishga bo‘lgan talab 3-marta o‘sadi. Bunday tendensiya dengizga chiqishi yo‘q Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta sinovdir, chunki bugungi kunda jahon savdosining 80 foizdan ortig‘i shu yo‘nalishda amalga oshiriladi.
Shu jihatdan, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiyaning temir yo‘llar va avtomobil magistrallarini qurish hamda modernizatsiya qilish, shuningdek, bojxona punktlarini zamonaviy texnologiyalar bilan raqamlashtirish va logistika markazlarini yaratish masalalarida yaqin hamkorligi alohida dolzarblik kasb etadi. Bu esa Yevropa va Osiyo tutashuvida joylashgan Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini ochish imkonini beradi.
Ayonki, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlariga eng ko‘p duchor bo‘lgan mintaqalardan biridir. Xususan, Jahon banki baholashicha, agar XXI asr oxiriga kelib, hozirgi sur’atlarda dunyoda o‘rtacha harorat 4 darajaga ko‘tarilsa, Markaziy Osiyoda bu ko‘rsatkich 7 darajagacha ko‘tariladi. Natijada 300 ta baland tog‘ ko‘li yorilishi xavfi ostida qoladi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2 – 4 darajaga ko‘tarilganda, Markaziy Osiyodagi tog‘ muzliklari hajmi 78 foizgacha kamayishi mumkin. Yaponiyaning energiya samaradorligi va suvni tejash sohasidagi texnologiyalarini taqdim etishi “yashil” energetika sohasida mintaqaning barqarorligini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, Yaponiyaning radarli sun’iy yo‘ldoshlardan foydalangan holda tabiiy ofatlarni monitoring qilish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish tajribasi va seysmik barqaror qurilish standartlari ham yuqori qiziqish uyg‘otadi.
Uzoq masofani yaqinlashtirish tadbiri
Tokioning Markaziy Osiyodagi diplomatik faolligi darajasi bir nechta sabablarga ko‘ra, boshqa davlatlarga nisbatan pastroq bo‘lgan. Eng avvalo, geografik uzoqlik, boshqa tomondan – Yaponiyaning boshqa tashqi siyosat ustuvorliklari hamda yaqin paytgacha mintaqadagi ko‘plab investitsiyaviy va siyosiy xavflar tufayli. Ammo Xitoyning Markaziy Osiyoda, shu jumladan, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi iqtisodiy va siyosiy faolligi Yaponiya uchun 2013-yildan keyin mintaqadagi ishlarini faollashtirishga turtki bo‘ldi.
Bu 2015-yil oktabr oyida Yaponiya hukumati rahbari Sindzo Abening Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati tarixidagi birinchi tashrifi chog‘ida yaxshi namoyon bo‘ldi. O‘shanda Yaponiya biznesi Markaziy Osiyo davlatlaridagi turli loyihalarga qariyb 18 mlrd. dollar sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani, shunda Yaponiya an’anaviy ravishda Xitoy, Turkiya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va arab davlatlari bilan muhim savdo hamkoriga aylanishi aytilgan edi.
Yaponiya Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosatida umumiy chegaralarning yo‘qligi va katta masofa tufayli ustuvor davlat hisoblanmaydi. Biroq Yaponiya Markaziy Osiyo aholisining kundalik hayotida mavjud emas, deb ham bo‘lmaydi. Chunki u anchadan beri “yumshoq kuch” deb ataladigan usuldan foydalanmoqda. Bu gumanitar loyihalar hamda texnik yordam orqali namoyon bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, Tokioda tashkillashtirilayotgan Markaziy Osiyo va Yaponiya sammiti tomonlarning uzoq masofasini yaqinlashtirish hamda umumiy maqsadlarni birgalikda amalga oshirish imkonini beradi.
To‘lqin TESHABOYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.
“Xalq” so‘zi gazetasining 2025-yil 16-dekabr sonidan olindi