815 18.12.2025
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida yoshlar siyosati va parasport sohasi davlat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan izchil va maqsadli davlat siyosati o‘zining aniq natijalarini xalqaro maydonda namoyon etmoqda.
Xususan, V yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston yosh parasportchilari tomonidan 197 ta medal, shu jumladan, 99 ta oltin medal qo‘lga kiritilishi mamlakat rahbariyati tomonidan belgilab berilgan inklyuziv rivojlanish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash strategiyasining amaliy ifodasidir. 35 ta davlat ishtirok etgan musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasining umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashi davlatning sport siyosati tasodifiy emas, balki tizimli, ilmiy asoslangan va institutsional yondashuvlarga tayanayotganini ko‘rsatadi. Bu natija parasport sohasida boshqaruvning markazlashgan modelidan natijaga yo‘naltirilgan, samaradorlikni ustuvor qo‘ygan yangi davlat siyosati shakllanganidan dalolat.
Umuman, bu yutuqlar O‘zbekistonning xalqaro sport arenalarida pozitsiyalarini mustahkamlab, mamlakatning Osiyo qitʼasida parasport sohasida siyosiy va ijtimoiy taʼsir kuchi ortib borayotganini anglatadi. Sportning bu turidagi yetakchilik — faqat sport muvaffaqiyati emas, balki inson kapitaliga sarmoya kiritish, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyillarini davlat siyosati darajasida taʼminlashning yorqin namunasi.
Shu bilan birga, g‘olib yosh parasportchilarning davlat rahbariyati tomonidan eʼtirof etilishi va ommaviy ravishda qadrlanishi davlat — jamiyat — yoshlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, vatan-parvarlik, fuqarolik masʼuliyati va milliy g‘ururni shakllantirishga xizmat qilyapti. Bu jarayon yoshlarning davlat siyosatiga daxldorlik hissini oshirib, O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlik va milliy birlikni taʼminlashning muhim siyosiy omillaridan biriga aylanmokda. Shu bilan birga, yoshlarda vatanparvarlik, ijtimoiy masʼuliyat va yuqori sport natijalariga intilishni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Jahon tajribasida parasportni qo‘llab-quvvatlashga, avvalo, inklyuziv jamiyatni shakllantirish, inson kapitali sifatini oshirish va ijtimoiy tenglikni taʼminlashning muhim instrumenti sifatida qaraladi. Bu borada rivojlangan davlatlar — Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Avstraliya kabi mamlakatlar parasportni davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xalqaro solishtirma tahlil shuni ko‘rsatadiki, aksariyat davlatlarda parasport yutuqlari, asosan, yuqori moliyaviy sarmoya, uzoq yillik tajriba va keng infratuzilmaga tayangan holda qo‘lga kiritiladi. O‘zbekiston misolida esa yuqori natijalarga nisbatan qisqa vaqt ichida erishilishi davlat boshqaruvida natijaga yo‘naltirilgan, markazlashgan va ilmiy asoslangan siyosat samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu mamlakatda parasportni rivojlantirishda institutsional islohotlar, kadrlar tayyorlash, sport tibbiyoti va reabilitatsiya tizimi kompleks tarzda joriy etilganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, xalqaro amaliyotda parasport ko‘pincha faqat natijalar bilan baholansa, O‘zbekistonda unga ijtimoiy siyosatning muhim qismi sifatida qaralmoqda. Bu yondashuv BMTning Inklyuziv rivojlanish va Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham mos kelib, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning jamiyat hayotida to‘liq ishtirok etishini taʼminlashga qaratilgan. Shu maʼnoda, O‘zbekiston tajribasi parasportni inson qadri, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyillari bilan uyg‘unlashtirgan model sifatida xalqaro maydonda qiziqish uyg‘otmoqda.
Parasport sohasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy nufuzini ham mustahkamlamoqda. Bu esa O‘zbekistonni Osiyo qitʼasida parasport sohasida nafaqat sport natijalari, balki inklyuziv davlat siyosati bilan ham yetakchi mamlakatlar qatoridan o‘rin olayotganini ko‘rsatib turibdi.
Jamila BOBONAZAROVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
“Xalq so‘zi” gazetasining 2025-yil 17-dekabr sonidan olindi