Global axborot bozorida milliylikni saqlash muammolari


531     19.12.2025

Bugungi raqamli globallashuv sharoitida axborot tarqatish bozorining jadal rivojlanishi jamiyatning siyosiy, madaniy va maʼnaviy hayotiga tub taʼsir ko‘rsatmoqda. Raqamli platformalar, sunʼiy intellekt asosida ishlovchi algoritmlar va transmilliy media korporatsiyalar axborot oqimlarini shakllantirishda asosiy subyektga aylanmoqda. Natijada axborotning tezkorligi va ko‘lamining kengayishi bilan birga, uning mazmuniy sifati, ishonchliligi hamda milliy-maʼnaviy yo‘nalishiga nisbatan jiddiy muammolar yuzaga kelyapti. Xususan, bozor mexanizmlari ustuvor bo‘lgan media tizimlarida tijorat manfaatlari ko‘pincha jamiyatning maʼnaviy ehtiyojlari va etika meʼyorlaridan ustun qo‘yilmoqda.

Xalqaro miqyosda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilga kelib dunyo bo‘yicha 4,8 milliarddan ortiq ijtimoiy media foydalanuvchisi mavjud bo‘lib, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. O‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, yoshlarning qariyb 60-70 foizi ijtimoiy tarmoqlarda uchragan axborotni tekshirmasdan qabul qiladi. Bu holat “post-haqiqat” fenomenining kuchayishiga olib kelib, ommaviy ongda emotsional taʼsir “ratsional” tahlildan ustun kelayotganini ko‘rsatadi. Global raqamli media bozorining iqtisodiy ko‘lami ham misli ko‘rilmagan darajada kengaymoqda. 2025-yilda uning hajmi 1,39 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.

Yevropa tajribasi esa axborot bozorini tartibga solishda maʼnaviy va ijtimoiy masʼuliyatni ustuvor qo‘yishi bilan ajralib turadi. Yevropa Ittifoqida qabul qilingan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi va Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi aktlar platformalarga zararli va yolg‘on kontent uchun masʼuliyat yuklaydi. Germaniya, Fransiya hamda Skandinaviya davlatlarida media etikasi institutlari va jamoatchilik nazorati kuchli rivojlangan. Bu davlatlarda milliy madaniyat va tilni himoya qilish axborot siyosatining muhim elementi sifatida qaraladi.

Osiyo mamlakatlari tajribasi ham alohida eʼtiborga loyiq. Masalan, Janubiy Koreya va Yaponiya raqamli texnologiyalarni faol rivojlantirgan holda, yoshlar orasida media savodxonlik va axborot madaniyatini shakllantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Taʼlim tizimida maktab yoshidan boshlab “raqamli etika”, “axborotni tanqidiy tahlil qilish” fanlari joriy etilgan. Xitoy tajribasida esa axborot maydonini davlat tomonidan qatʼiy nazorat qilish modeli ustuvor bo‘lib, u milliy mafkuraviy barqarorlikni saqlashga qaratilgan. Biroq bu yondashuv axborot erkinligi masalasida xalqaro bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston axborot maydonida olib borilayotgan islohotlar muvozanatli modelni shakllantirishga qaratilmoqda. Internet foydalanuvchilari sonining 2017-yildagi 14,7 milliondan 2025- yilda 32,7 millionga yetishi raqamli makonning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini keskin oshirdi. Shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelayotgan global axborot oqimlari milliy qadriyatlar, anʼanaviy madaniyat va ijtimoiy ong bilan moslashuvni talab qilmoqda. Bu borada Yevropa tajribasidagi etika meʼyorlar va Osiyo tajribasidagi taʼlimiy yondashuv O‘zbekiston uchun muhim metodologik asos bo‘la oladi.

Zamonaviy axborotlashgan jamiyat sharoitida ijtimoiy xavfsizlikka tahdidlar endi anʼanaviy shakllar bilan cheklanib qolmay, axborot-psixologik bosimlar, g‘oyaviy manipulyatsiyalar va virtual identitetlar orqali ongni boshqarish kabi noanʼanaviy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Bu holatni A.Toffler “axborot shoklari” orqali, E.Fromm esa “erkinlikdan qochish sindromi” orqali izohlab, insonning tanlov erkinligi va masʼuliyati zaiflashishini zamonaviy sivilizatsiyaning muhim muammosi sifatida baholagan.

Shu sababli, xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, yoshlar orasida “maʼnaviy immunitet”ni shakllantirish faqat cheklovlar orqali emas, balki taʼlim, madaniyat va ongli tanlov mexanizmlarini rivojlantirish orqali amalga oshirilishi lozim. Maʼnaviy immunitet – bu shaxsning g‘oyaviy mustaqilligi, tanqidiy tafakkuri va milliy identitetga tayangan holda global axborot oqimida o‘z o‘rnini topa olish qobiliyatidir. Bu g‘oya Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida ham alohida urg‘u bilan qayd etilib, yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilish millat xavfsizligi bilan bevosita bog‘langanligi taʼkidlangan.

Xulosa qilib aytganda, taʼlimiy hamda mafkuraviy tajribalarning qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, axborot bozorida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlashning eng samarali yo‘li bu milliy qadriyatlar, tanqidiy tafakkur va institutsional hamkorlikka asoslangan integrativ modelni shakllantirishdir. Bunday strategiya jamiyatni nafaqat axborot tahdidlaridan himoya qiladi, balki uning maʼnaviy, madaniy va ijtimoiy barqaror rivojlanishini taʼminlashga yordam beradi.

 

Elyor KELDIYOROV,

O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi sho‘ba mudir